Qishloq xo‘jaligi sohasida gender tenglikka qanday erishish mumkin?
Bu savolga Samarqand shahrida qishloq xo‘jaligida inlyuziv siyosatni qo‘llab-quvvatlash va gender tenglik to‘g‘risida xabardorlikni oshirish mavzusida o‘tkazilgan seminar-treningda javob izlandi.
Samarqandda ilk marotaba tashkil etilgan tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda “Agrar soha ayollari” uyushmasi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbir avvalida viloyat hokimining o‘rinbosari S.Jumayeva qatnashib, bu mavzuning bugungi kundagi ahamiyati va muhimligini ta’kidladi.
Seminar-trengda xalqaro toifadagi trener Lola Saidova, O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi raisi Adiba Axmedjonova, Qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Nigora Xodjayeva viloyatdagi qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat olib borayotgan ishchi xizmatchilarga sohadagi yangiliklar bilan bir qatorda gender tengligi masalasida interektiv usullardan foydalanib, slaydlar orqali ma’lumot berdi.
Tadbirda ayollar qishloq xo‘jaligida ishlovchilarining qariyb ellik foizini tashkil etishi, biroq ularning bu boradagi hissasi, ko‘pincha, yetarli darajada e’tiborga olinmayotgani ta’kidlandi. Qishloq ayollarining yuqori bilimi va iqtidoriga qaramay, ular nisbatan past ish haqi to‘lanadigan vazifalarda, oilaviy ishchi sifatida ishlashi va kamdan-kam hollarda fermerlik hamda qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqarish bilan shug‘ullanishi aytib o‘tildi.
- Mamlakatimizda 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasida belgilangan vazifalar, erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish, qishloq ayollarining manfaatlari va ehtiyojlarini hisobga olgan holda chora-tadbir va yechimlar ishlab chiqishga qaratilmoqda, - dedi xalqaro toifadagi trener L.Saidova. - Shuningdek, agrosanoat majmuasi vakillari ishtirokida «Inklyuziv qishloq xo‘jaligi siyosatini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash» loyihasi doirasida qishloq xo‘jaligida gender yondashuvlarning asoslari, gender masalalariga oid O‘zbekiston milliy qonunchiligi, aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va agrar sohada xotin-qizlarning rolini oshirishga e’tiborni oshirish asosiy maqsad etib belgilangan.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni iqtisodiyotning har bir sohasida, jumladan, qishloq va o‘rmon xo‘jaligida gender masalalarini hisobga oluvchi strategiya va tadbirlar rejasini ishlab chiqishni talab qilishi aytildi. Shuningdek, O‘zbekistonda mamlakat yalpi ichki mahsulotining 32 foizi qishloq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri kelishi hamda soha ishchi kuchlarining kamida 27 foizining bandligini ta’minlanganligi bildirildi. Bugungi kunda aholining deyarli yarmi qishloqlarda yashashi hisobga olinsa, bu qishloq ayollarining huquq va imkoniyatlarini yanada kengaytirish dolzarb masalaga aylanib borayotgini muhimligi aytib o‘tildi.
Bundan tashqari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti mamlakatimizning qishloq xo‘jaligi va agrosanoat kompleksi bilan bog‘liq boshqa tashkilotlariga aholining ijtimoiy zaif qatlamlari, ayniqsa, qishloq ayollarining ehtiyoj va manfaatlarini hisobga olgan siyosiy tadbir va yechimlarni ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirish imkoniyatlarini rivojlantirib, yordam berib kelayotgani aytib o‘tildi.
Seminar ishtirokchilari mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Husan ELTOYeV.