Qishloq xo‘jaligida ko‘rsatkichlar qanday?

Keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida salmoqli natijalarga erishilmoqda. Shu ma’noda barcha tarmoqlarda mo‘l hosil yetishtirib, avvalgi yillarga nisbatan yuqori marralarga erishishda dehqonlarimizning matonatli mehnati tahsinga loyiq.

Misol uchun, viloyatimiz dehqonlari tomonidan 713 ming tonna g‘alla, 274,1 ming tonna paxta, qariyb 2 mln. tonna sabzavotlar, 760 ming tonna kartoshka, 172 ming tonna poliz mahsulotlari, 388 ming tonna mevalar, 637 ming tonna uzum, 3,3 ming tonna pilla, 338 ming tonna go‘sht hamda 1,5 mln. tonna sut tayyorlandi.

Hozirgi vaqtda dunyo miqyosida oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarish dolzarb masala bo‘lib borayotgani hech kimga sir emas. Shuning uchun iqtisodiyotimizni, jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasini modernizatsiya qilish va oziq-ovqat ekinlarini yetishtirishga alohida e’tibor qaratilyapti.

Yerni haqiqiy egasiga berish, ayniqsa, mahsulot yetishtirishdan tortib, uni sotishgacha bo‘lgan agrobiznesning yaxlit zanjirini o‘z ichiga qamrab olgan klaster modeli va kooperatsiya tizimini to‘liq yaratish choralari ko‘rilmoqda. Bu borada Prezidentimizning paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirib, dehqonchilik qilish uchun aholiga ajratib berish to‘g‘risidagi qarori aholini bandligini ta’minlash hamda ularning daromadini oshirishga xizmat qilmoqda.

Viloyatimizda ham  joriy yilda 19 ming nafar fuqaroga 7,5 ming gektar yer ajratib berildi va kelgusi yil ham 16 ming aholiga 6,1 ming gektar yer ajratib beriladi. Natijada 97 ming nafar fuqaro doimiy va 79 ming kishi mavsumiy ish va daromad manbaiga ega bo‘ladi.

Shu o‘rinda sohadagi ayrim raqamlarga e’tibor qaratsak.

Bugungi kunda jami 45 ta klaster, jumladan 12 ta paxta-to‘qimachilik, 13 ta g‘allachilik, 13 ta meva-sabzavotchilik, 6 ta kartoshkachilik va 1 ta dorivor o‘simliklarni yetishtiruvchi klasterlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularga 200 ming gektar yer maydoni biriktirib berilgan.

Paxtachilikda olib borilayotgan islohotlar natijasida joriy mavsumda ulkan natijalar qayd etildi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Zero, viloyatimiz dehqon va fermerlari joriy yilda paxta yetishtirish shartnomaviy rejasini respublikada birinchilardan bo‘lib bajardi. Paxtachilikda o‘rtacha hosildorlik gektaridan 37,5 sentnerni tashkil etgani ham dehqonlarimizning fidokorona mehnatlari tufaylidir.

Boshoqli don yetishtirishda rag‘batlantirish tizimi joriy etilgani ijobiy samara bermoqda. Bu borada Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon, Narpay, Oqdaryo va Past Darg‘om tumanlarida o‘rtacha hosildorlik gektaridan 72-78 sentnerni tashkil etdi. Eng muhimi, 449 ming tonna g‘alla dehqon va fermerlar ixtiyorida qoldirildi.

Co‘nggi yillarda meva-sabzavotchilikda amalga oshirilayotgan islohotlar ham o‘z natijasini bermoqda. O‘tgan davr mobaynida 173 mln. dollar qiymatidagi 179 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari Rossiya, Xitoy, Turkiya, Ukraina, AQSh, Polsha, Germaniya va Kanada kabi 57 davlatga eksport qilindi.

Meva-sabzavot mahsulotlarini sifatli qayta ishlab, ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berish bo‘yicha joriy yilda qiymati 214 mlrd. so‘mlik 53,1 ming tonna quvvatga ega bo‘lgan 21 ta meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash korxonalari barpo etildi.

Pillachilik sohasiga ham berilayotgan e’tibor, ushbu sohani jadal rivojlanishiga turtki bo‘ldi. Yashirib nima qildik, ilgari pilladan yiliga 4 marta hosil olish hech kimning xayoliga kelmagan edi. Bunday amaliyot joriy qilinishi evaziga joriy yilda 20 mln. dollarga teng ipak va ipak mahsulotlari eksport qilindi.

Joriy yilda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirishga qaratilgan umumiy qiymati 1,1 trln. so‘mlik 465 ta loyiha amalga oshirildi. Shuningdek, go‘sht va sut ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 36 ta yirik chorvachilik komplekslari ishga tushirildi.

Ekin maydonlarini suv bilan kafolatli ta’minlash maqsadida shu yilning o‘zida byudjetdan 105 mlrd. so‘m, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun esa qariyb 13,2 mlrd. so‘m yoki o‘tgan yilgidan 2,1 barobar ko‘p mablag‘lar ajratildi.

Suvni tejash va undan samarali foydalanish maqsadida joriy yilda 26,7 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi va 2024 yilda ham 54,8 ming gektar maydonda joriy etish rejalashtirilmoqda.

Viloyat hokimligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi.