Qishloq yoshlarining haqiqiy suyanchig‘i, tajribali chorvador Toshbo‘ri Qilichev ma’rifatga oshno edi

Toshbo‘ri Rahimovich bilan 30 yilga yaqin birga ishladik. Yosh mutaxassis chorvachilik sohasidagi deyarli barcha bosqichlarni o‘tadi: amaliyotchi, oddiy xodim, kichik veterinar, bosh veterinar va nihoyat viloyat qorako‘lchilik birlashmasining rahbari darajasigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.

Biz qishloq xo‘jaligi, xususan, chorvachilik yuzasidan ko‘p bor suhbatlashganmiz, vaqti kelganda men, keyinchalik u kishi bir-birimizga rahbar bo‘ldik, bir-birimizdan o‘rgandik, bir-birimizga o‘rgatdik.

T.Qilichev mehnat faoliyati davomida viloyatda o‘ziga munosib martabaga erisha oldi. Nurobod tumanining birinchi rahbari, viloyat ijroqo‘mining va nafaqaga chiqqach, viloyat veterinariya boshqarmasi boshlig‘i vazifalarida ishladi. Toshbo‘ri Rahimovichning bitta fazilatiga - o‘z sohasida yangilikka o‘chligiga, ko‘p kitob o‘qishiga, tartib-intizomiga, odamlar bilan doimo xushchaqchaq muomala qilishiga havasimiz kelgan. Shu sababli bir-birimizning davramizga intilib yashaganmiz. Xususan, viloyatning eng olis "Qarnabota" xo‘jaligida rais bo‘lganida viloyatda qorako‘l qo‘ylari sonini bir milliondan oshirish barobarida aholi turmush farovonligini yuksaltirishga ham munosib hissa qo‘shdi. Qorako‘lchilar viloyat idorasini boshqarganda esa terining noyob navlarini ko‘paytira oldi, cho‘pon-cho‘liqlarning manfaatdorligini ko‘tardi. Shu sababli rahbariyat nazariga tushib, pillapoyalardan muvaffaqiyatli o‘tib, viloyat hokimining o‘rinbosari darajasiga yetishdi.

Toshbo‘ri Rahimovich ko‘p badiiy kitob o‘qish bilan birga ijodkorlar bilan juda yaqin edi. Uning xonadonida yoki ishxonasida doimo taniqli shoirlar va yozuvchi, jurnalistlarga duch kelardik. Asarlar muhokamasida ham xuddi adabiyotchilar kabi ishtirok etardi. Shu sababli viloyatdagi ijodkor ziyolilar o‘rtasida yaxshigina obro‘ga ega edi.  Bundan tashqari, davlatimizning bir qancha orden va medallari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan chorvador unvoni bu insonning salohiyatining ifodasidir.

T.Qilichev shogirdparvarligi tufayli ko‘plab yosh mutaxassislarga o‘zini ko‘rsatishi uchun imkoniyat yaratdi. Ayniqsa, qishloq yoshlarining haqiqiy suyanchig‘i bo‘ldi. Binobarin, farzandlarini ham zamonamizga munosib qilib tarbiyaladi va ularning barchasi bugun el xizmatida.

Abdushukur MUHAMMADQULOV,

mehnat faxriysi.