Qiyin ahvolda qolgan 9 nafar fuqaro Rossiyadan olib kelindi

Joriy yilda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikda Rossiyaning turli hududlarida murakkab moliyaviy-ijtimoiy holatga tushib qolgan ko‘plab fuqarolarni charter reyslar orqali mamlakatimizga olib kelingani haqida xabar berilgan edi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmatining xabar berishicha, ana shunday toifadagi fuqarolardan yana 9 nafari 17-18 dekabr kunlari Sankt-Peterburg hamda Moskva shaharlaridan charter reys orqali yurtimizga olib kelindi.

Ta’kidlanishicha, Xalqaro migratsiya tashkiloti va mamlakatimizning Moskva shahridagi elchixonasi ko‘magida olib kelinayotgan yurtdoshlarimiz asosan, kasalmand, homilador va boquvchisini yo‘qotgan fuqarolardan iborat.

Ma’lum qilinishicha, qiyin ahvolga tushib qolgan bemorlarga “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi tomonidan samolyot bortida maxsus shart-sharoitlar yaratib berilgan.