"Qizil kitob"ga kiritilgan Buxoro xonguli o‘ldirilganligi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Fuqaro D.D. Jomboy tumani prokuraturasiga murojaat qilib, unda 2021 yil 8 fevral kuni "Zarafshon" milliy tabiat bog‘i hududida yurgan vaqtida mazkur bog‘ rahbari va 1-uchastka nozirlari Buxoro xongulini otganini ko‘rganligini, 9 fevral kuni otgan joyga borib bug‘uning bo‘lingan kalla va terilarini ko‘rib, bu joyni videotasvirga olganligini bayon qilib, ushbu holat yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, voqea sodir bo‘lgan joy hamda "Zarafshon" milliy tabiat bog‘i rahbariga tegishli avtomashina ko‘zdan kechirildi.

Tekshiruv natijasida hayvonot dunyosiga 36 million 750 ming so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi. Bu holat inobatga olinib, Jomboy tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismi “j” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayni paytda dastlabki tergov harakatlarini olib borish uchun hujjatlar Jomboy tumani IIB tergov bo‘limiga yuborildi. 

Jinoyat ishi tergov jarayoni Jomboy tumani prokuraturasi tomonidan nazoratga olindi.

Samarqand viloyati prokuraturasi.