Qiziqarli ilmiy faktlar
Cho‘llar o‘rniga okeanlar to‘lib-toshgani, tovuqlar odamlarga qanday munosabatda bo‘lishi va asalarilar chaqmoq yaratishini bilarmidingiz?
Ilgari Afrika cho‘llarida kitlar yashagan
Qohiradan 150 kilometr janubi-g‘arbda qumlarda ko‘milib qolgan dengiz jonzotlarining suyaklari yotadigan vodiy bor. Al-Hitan deb ataladigan bu joy arab tilidan "kitlar vodiysi" deb tarjima qilinadi.
Gap shundaki, 50-33 million yil oldingi davrda, hozirgi Afrika cho‘llari o‘rnida dengizlar bo‘lgan. Sayyoramizning o‘sha paytda qanday ko‘rinishga ega bo‘lganini ushbu xaritada ko‘rishingiz mumkin.
Vaqt o‘tishi bilan bu yerdagi suvlar qurib, faqat O‘rta Yer dengizi darajasidagi suv ombori qolgan. Okeanda yashagan kitlar, akulalar, timsohlar, toshbaqalar va skatlarning ba’zilari ko‘chib o‘tgan, boshqalarining esa cho‘l qumlarida skeletlari qolgan. Al-Hitan vodiysidagi bu topilmalar ilm-fan uchun juda muhim, chunki ular bizga zamonaviy dengiz sutemizuvchilari ajdodlari evolyusiyasi davomiyligini tasvirlash imkonini beradi.
Asalarilar to‘dasi elektr energiyasini hosil qiladi
Asalarilar shubhasiz asal, asalari suti, boli, lichinkalar va ari zahri ishlab chiqarishi bor gap. Biroq, bu kichkina tukli mavjudotlarning yirik to‘dasi statik elektr energiyasini ham ishlab chiqarishi mumkin ekan.
Bristol universiteti biologlari tomonidan olib borilgan tadqiqot uchib turgan asalarilar to‘dasi elektrostatik maydon hosil qilishini ko‘rsatdi. Hasharotlar qanotlarini qoqayotagan bir paytda, qanotlar ularning mo‘ynasiga ishqalanib, statik holat hosil qiladi.
Jun sviteri kiyganda sizni elektr toki urib yuborganini eslay olasizmi? Lichinka bosqichini hisobga olmasak asalari butun umri davomida bunday "sviter" da yashaydi.
Tabiiyki, bitta hasharot ko‘p elektr energiyasini yarata olmaydi, lekin ularning bir to‘dasi yig‘ilgandami... asalarilar bir metr joyda 1000 voltgacha elektr energiyasi hosil qilishi mumkin, bu juda katta momaqaldiroq bulutidan deyarli sakkiz baravar ko‘pdir.
Tovuqlar xunuk odamlarni yoqtirmaydi
Kunlarning birida Shvetsiya Stokgolm universiteti olimlari ajoyib g‘oya – uy parrandasining umume’tirof etilgan inson go‘zalligi me’yorlari haqidagi fikrlarini bilib olishga qaror qilishdi.
Shu maqsadda talabalar fikrini olgan tadqiqotchilar tasodifiy tarzda erkaklar va ayollarning ko‘plab fotosuratlarini tanlab olib, ular rasmlarini dressirovka qilingan xo‘roz va tovuqlarga ko‘rsata boshladilar. Qushlar o‘zlariga yoqqan odamning portretini cho‘qishi va yoqimsizlarga e’tibor bermasliklari kerak edi.
Tovuqlar (albatta so‘rov natijasida) chiroyli hisoblanmagan odamlarni chetlab o‘tib, go‘zal va jozibali kishilarning fotosuratlarini ishtiyoq bilan cho‘qiy boshlashdi.
Qushlarning estetik didi juda zo‘r rivojlangan, har holda ular natijalari jozibadorlikni baholash so‘ralgan talabalarning natijalariga 98 foizga to‘g‘ri keldi. Olimlarning fikriga ko‘ra, bizning go‘zallik haqidagi tasavvurlarimiz ijtimoiy omillar bilan emas, balki asab tizimi xususiyatlarining o‘ziga xos xususiyatlari bilan belgilanishidan dalolat beradi.
Masalan, yuzning xushbichimligini odamlar (va tovuqlar) oqilona baholamasdan, ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan darajada ongsiz ravishda his qilar ekan.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.