Qo‘llari yo‘q uchuvchi ayol: U haqiqatan ham samolyotni boshqara oladimi?

Jessika Koks 1983 yilda Arizonada tug‘ilgan. Afsuski, chaqaloq ikkala qo‘llarsiz dunyoga keldi. U o‘sib-ulg‘aygani sari odamlarning unga, uning ota-onasiga rahmi kelar, qizaloq esa aslo o‘ksimadi, u ota-onasi yordamida hamma narsani oyoqlari bilan qilishni o‘rgandi.

Janob va missis Koks ularning farzandlari qanchalik muvaffaqiyatga erishishini tasavvur ham qila olmagan edi. “U juda kuchli, - deydi Jessikaning otasi, - uning hech qachon shikoyat qilgani yoki yig‘laganini eshitganim yo‘q, chunki u hamma kabi emas-da”.

Albatta qiz uyalardi. Bolaligida maktabda o‘tkazilgan tadbirdagi konsert oldidan u o‘qituvchisidan uni orqa qatorga qo‘yishni so‘radi. “Hech qanaqa orqa qator yo‘q, hamma bilan birga raqsga tushasan!”, dedi o‘qituvchisi. Jessika raqsga tushdi va olqishlarga sazovor bo‘ldi. U yana 14 yil davomida raqs darslariga qatnashdi va hech narsadan qo‘rqmaslikni o‘rgandi. Biroq, tez orada u o‘ziga yana boshqa sevimli mashg‘ulotlar topdi.

10 yoshida qiz txekvondo (to‘liq aloqasiz taekvondo) sport turi bilan shug‘ullana boshladi va bir necha yil o‘tgach, ikki karra qora belbog‘ egasiga aylandi.

Jessika oddiy maktabni tugatib, universitetga o‘qishga kirdi, u yerda qizning oyoqlari bilan yozishi hech kimni ajablantirmadi. Biroq oyoqlar bilan yozish bu g‘ayrioddiy qizning barcha qobiliyati emasligi sal o‘tib kishilarni hayratda qoldirdi.

U nogironlar uchun emas, balki oddiy mashinani haydash, ko‘z linzalarini taqish, soch tarash, telefondan to‘liq foydalanish, konfetlar o‘ramini ochish va o‘zining shaxsiy samolyotiga yonilg‘i quyish kabi ishlarni qoyillatib bajarardi.

Bu ham Jessika Koksning barcha “qilmish”lari emas. 2005 yildan 2008 yilgacha u nafaqat uchuvchilarni tayyorlash kurslarini tamomlab, litsenziyaga ega bo‘ldi, balki boshqa odamlarga “uchishni” o‘rgatdi. Jessika hatto faqat bitta oyog‘i bilan samolyotni boshqara oladigan shaxs sifatida “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kirdi.

Keyinchalik qiz o‘z ma’ruzalari bilan AQSh va mamlakatdan tashqarida safarlarda chiqish qila boshladi. 2015 yilda Jessika AQShdagi musobaqada 40 mil (65 kilometr atrofida)masofani velosipedda bosib o‘tdi.

Jessika Koks qiyinchiliklardan qochmaydigan va har qanday holatda ham barcha narsaga erishgan odam. Unga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q.

- Men so‘z boyligimdan “buni qila olmayman”, “buning uddasidan chiqmayman”, degan iboralarni chiqarib tashladim, axir hatto qo‘lsiz ham siz to‘liq hayot kechirishingiz va o‘zingiz yoqtirgan narsalarga erishishingiz mumkin, - deydi qiz.

Aytgancha, 2012 yilning may oyidan beri Jessikani Chemberlen xonim deb atashadi. U o‘z instruktori Patrik Chemberlenga turmushga chiqdi. To‘y Kaliforniyaning Pasadena shahrida yaqin qarindoshlar va do‘stlar davrasida bo‘lib o‘tdi. To‘yda faqat bitta nozik masala hal qilinishi kerak edi: uddaburon kuyov unga darhol yechim topib, nikoh uzugi o‘rniga xotinining to‘pig‘iga nafis bilaguzuk taqib qo‘ydi.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.