Qonunchilikda yoshlarga berilgan ayrim imtiyozlar

  1. Mehnat kodeksiga muvofiq, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini, shuningdek oliy ta’lim muassasalarini davlat grantlari asosida tamomlagan yoshlarga ishga joylashishda qo‘shimcha kafolatlar beriladi. Bu haqda huquqiy axborot kanali xabar bermoqda.

Xususan, belgilangan minimal ish joylari hisobidan ish joylariga ishga joylashtirish tartibida mahalliy mehnat organi va boshqa organlar tomonidan yuborilgan, 18 yoshga to‘lmagan shaxslarni, oliy ta’lim muassasalarini davlat grantlari asosida tamomlagan yoshlarni ish beruvchi ishga qabul qilishi shart.

Shuningdek, 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga mehnat qonunchiligida quyidagi imtiyozlar belgilangan:

  • dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tgandan keyingina ishga qabul qilinadilar va 18 yoshga to‘lgunlariga qadar har yili majburiy tarzda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib turiladi;
  • kamida 30 kundan iborat yillik ta’til beriladi va ular bu ta’tildan yoz vaqtida yoki yilning o‘zlari uchun qulay bo‘lgan boshqa vaqtida foydalanishlari mumkin;
  • tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga va dam olish kunlaridagi ishlarga jalb etish taqiqlanadi;
  • ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga, mehnat shartnomasini bekor qilishning umumiy tartibiga rioya qilishdan tashqari, mahalliy mehnat organining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Ish vaqtining muddati 16 dan 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlarga haftasiga 36 soatdan, 15 dan 16 yoshgacha bo‘lgan shaxslar uchun esa haftasiga 24 soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi.

Bunda ularning mehnatiga haq kundalik ish vaqti to‘liq bo‘lgan chog‘da tegishli toifadagi xodimlarga beriladigan miqdorda to‘lanadi.

O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini hamda oliy o‘quv yurtlarini tamomlagan kundan e’tiboran 3 yil ichida birinchi bor ishga kirayotgan bitiruvchilar ishga qabul qilinganda, dastlabki sinov muddati belgilanmaydi.

  1. Soliq kodeksiga asosan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari kollejni bitirgandan so‘ng 12 oy ichida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan taqdirda, davlat ro‘yxatidan o‘tgan sanadan e’tiboran qat’iy belgilangan soliqni to‘lashdan olti oy muddatga ozod etiladi.
  2. Muddatli harbiy xizmatni o‘tab, tavsiyanoma asosida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan talabalar hamda o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 86 foiz va undan yuqori bo‘lgan talabalar yillik to‘lov-kontrakt miqdorining 35 foizi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan to‘lab beriladi.
  3. Tijorat banklari tomonidan yosh oilalarga foiz stavkasi Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan ortiq bo‘lmagan miqdorda quyidagi imtiyozli kreditlar beriladi:
  • oilaviy tadbirkorlikni tashkil etish uchun;
  • ipoteka kreditlari (uch yillik imtiyozli davr bilan);
  • moliyaviy iste’mol kreditlari (olti oylik imtiyozli davr bilan).

Shuningdek, yosh oilalarga:

  • mikrofirmalar, kichik korxonalar, oilaviy korxonalar, fermer xo‘jaliklari, shuningdek yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan dehqon xo‘jaliklari boshlang‘ich sarmoyasini shakllantirish uchun;
  • yakka tartibdagi tadbirkorlik, mikrofirmalar, kichik korxonalar, oilaviy korxonalar, fermer va dehqon xo‘jaliklarini kengaytirish va rivojlantirish uchun mikrokreditlar beriladi.
  1. Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarga Yoshlar uylaridagi sotib olinadigan kvartiralar qiymatini to‘lash uchun banklar tomonidan 5 yillik imtiyozli davr bilan, dastlabki badalni to‘lamasdan, Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foiziga teng foizli stavka bilan 20 yil muddatga imtiyozli ipoteka kreditlari ajratiladi.
  2. Oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi bo‘limlariga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan talabalarning kontraktini to‘lash uchun banklar tomonidan ta’lim kreditlari beriladi.

Bunda, chin yetimlarga, «Mehribonlik uylari»da tarbiyalanganlarga hamda bolalikdan I va II guruh nogironlariga — nol foiz stavkasi (foizsiz kredit);

talabalarning qolgan toifalariga — O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining amaldagi qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo‘lmagan o‘zgaruvchi foiz stavkalari belgilanadi.