Qonuniy talab noo‘rin xulosa chiqarishga turtki bermasligi kerak
Joriy yilning 1 iyul kuni ijtimoiy tarmoqning “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash” telegram kanalida “Samarqand davlat universiteti nega hammadan orqada?” nomli murojaatga Samarqand davlat universitetining javobi.
Har qanday o‘zini hurmat qilgan oliy ta’lim muassasasi qo‘shni davlatlar yoki mamlakatimiz universitetlaridan o‘qishini ko‘chirishga talabgor fuqarolarning o‘sha ta’lim yo‘nalishida haqiqatda o‘qiganlik to‘g‘risidagi hujjatlarini batafsil tekshirish va shunday ma’lumotni qo‘shni davlatlardagi muayyan oliy ta’lim muassasalariga so‘rovnomalar yuborish orqali aniqlashi shart. Agar talabgorning haqiqatda o‘sha OTMda o‘qiganligi hujjatlar orqali asoslansa, uning talabalar safidan o‘rin egallashi muqarrar.
“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash” telegram kanalida e’lon qilingan jimjimador sarlavhali murojaatda qo‘shni davlatdan o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lganlardan ko‘plab arizalar tushayotgani, talabalikka qabul qilinganlik haqida buyruq chiqmaganligi keltirilgan.
Shuni alohida ta’kidlamoqchimizki, Samarqand davlat universiteti tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan tadbirlarning barchasi qonuniy-huquqiy asosga ega. Universitet o‘z faoliyatida, xususan, talabalarning o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishda ham yuqori turuvchi davlat idoralari tomonidan belgilangan tartib-qoidalar va mezonlar asosida ish yuritadi.
Mazkur jarayon yuzasidan ob’yektiv xulosa chiqarish uchun bir qator jihatlarni keltirib o‘tamiz:
1. Samarqand davlat universiteti rektorining farmoyishi bilan qo‘shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalaridan universitetga o‘qishini ko‘chirishga tavsiya etilgan talabalarga darslarga qatnashishga ruxsat berilgan. SamDUga o‘qishini ko‘chirishga tavsiya etilgan barcha fuqarolarga 2020 yilning 1 aprelidan boshlab universitet masofaviy ta’lim platformasi (md.samdu.uz) orqali masofaviy o‘qishi uchun login va parol berilgan.
2. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 24 apreldagi 87-03-1408-sonli topshiriq xatiga binoan, fuqarolarning qo‘shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalarida kamida oxirgi bir semestrda o‘qishi respublika oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirilayotgan ta’lim yo‘nalishiga mazmunan mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishida to‘liq o‘qiganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni batafsil tekshirish va haqiqatda o‘qiganligini aniqlash maqsadida qo‘shni davlatlardagi muayyan oliy ta’lim muassasalariga so‘rovnomalar takror-takror yuborilgan. Ushbu ma’lumotlarga tasdiq javobi yuborgan OTM talabalariga buyruq chiqqan.
3. Qo‘shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalarida o‘qimaganligi yoki hujjatlar qalbaki ekanligi tufayli, shuningdek, xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallarida yoki boshqa xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tahsil olganligi aniqlangan fuqarolarga talabalikka qabul qilish masalasi bugungi kunda ochiq qolmoqda.
Hozirda qo‘shni davlatlardan o‘qishini ko‘chirishga tavsiya etilganlarning qabul jarayoni quyidagi tadbirlar asosida amalga oshirilmoqda:
1. Fuqarolarning pasportlarida muayyan qo‘shni davlatga kirish-chiqish belgilarining mavjudligi;
2. Fuqaroning qo‘shni davlatdagi oliy ta’lim muassasasida haqiqatda o‘qiyotganligini tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalari, shu jumladan, mazkur oliy ta’lim muassasasining davlat akkreditatsiyasidan o‘tganligi tekshirilmoqda.
Fuqarolarning pasportlarida muayyan qo‘shni davlatga kirish-chiqish belgilari o‘qishga kirgandan keyingi davrda umuman mavjud bo‘lmagan taqdirda, shuningdek, ularning qo‘shni davlatdagi muayyan oliy ta’lim muassasasida haqiqatda o‘qiyotganligi birorta hujjat bilan tasdiqlanmagan hollarda mazkur fuqarolarni talabalikka qabul qilishga asos yo‘qligi ma’lum qilinmoqda.
Hozirgi kunga qadar Qozog‘istonning Yevroosiyo texnologiya universiteti, Xalqaro gumanitar-texnika universiteti, Qozog‘iston dengiz universiteti, Muxtor Auezov nomidagi janubiy Qozog‘iston davlat universitetlarida haqiqatda o‘qiyotganligi to‘g‘risida tasdiq xatlari olingan 160 dan ortiq talabalarga shartnoma pulini to‘lashga ruxsat berilgan.
Ko‘rib turganingizdek, o‘qishini ko‘chirayotgan talabalarning hujjatlarini tekshirish va ularni talabalar safiga qabul qilish o‘ta mas’uliyatli va ko‘p vaqt hamda mehnat talab qiladigan jarayon. Bu jarayonda hujjatlari qalbaki yoki amaldagi qonun-qoidalarga mos kelmaydigan shaxslarning universitetda bemalol o‘qib ketavermasligining oldini olish masalasi turibdi.
Xalqimiz orasida “Shahar bedarvoza emas”, degan naql bejiz yurmaydi. Ayni paytda o‘qishini ko‘chirish haqida ariza topshirganlarning qo‘shni davlatlarga kirib chiqqanligi tegishli davlat idoralardan olingan ma’lumotlar bilan taqqoslanmoqda.
Shuning uchun bu kabi talab va holatlar ijtimoiy tarmoqlardagi har xil axborot yoki reklama jalb etishga mo‘ljallangan kanallar mualliflariga qarata O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari haqida ko‘pchilikning diqqatini tortadigan sarlavhali murojaatlarni qo‘yish, universitetga oxirgi o‘rinlarga loyiq, deya xulosa chiqarishga turtki bermasligi lozim.
Samarqand davlat universiteti ma’muriyati.