Qorako‘lchada “ochilgan” bog‘cha qachon ishga tushadi?
O‘tgan yili xudoyqulobodliklar tumanda birinchilardan bo‘lib "Obod qishloq" dasturi ularning qishlog‘ida amalga oshirilishini eshitib xursand bo‘lishdi. Haqiqatan ham qisqa fursatlarda Qorako‘lcha mahallasida keng ko‘lamli qurilish-obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi.
"Obod qishloq" dasturi doirasida yo‘llar asfalt qilindi. Maktab binosi ta’mirdan chiqarilib, qo‘shimcha binolar qurildi. Qishloqqa toza ichimlik suvi keltirildi. Tabiiy gaz va elektr ta’minoti yaxshilandi. Barcha uylar atrofi tozalanib, obodonlashtirildi. Turli infrastruktura ob’yektlari qurilib ishga tushirildi. Amalga oshirilgan bunday xayrli ishlar haqida yana ko‘p misollar keltirish mumkin.
Qishloq xotin-qizlarini xursand qiladigan ishlardan biri mahalla markazida 100 o‘rinli yangi bolalar bog‘chasining qurilib foydalanishga topshirilgani bo‘ldi. Bundan barcha onalar va bolajonlarning shodligi cheksiz edi. Chunki bunday bog‘cha qishloqda avvallari bo‘lmagan. Endi hammasi yaxshi bo‘ladi, bolajonlarimiz zamonaviy maktabgacha tarbiya maskanida bilim va tarbiya oladi, deb xursand bo‘lgan onalarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Foydalanishga topshirish marosimining rasmiyatchilik uchun o‘tkazilganini qishloq aholisi keyin bilishdi...
Xudoyqulobod qishlog‘i tumanning chekka Qorako‘lcha mahallasi hududida joylashgan bo‘lib, unda 4 188 nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan maktab yoshigacha bo‘lgan bolajonlar 300 nafardan ortiq. "Obod qishloq" dasturi doirasida qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borilgunga qadar qishloqda bolalar bog‘chasi bo‘lmagan. Shu sabab mahalla ahli bog‘cha ishga tushishini intiqlik bilan kutishdi. Nihoyat, bog‘chaning qurilish ishlari belgilangan jadval asosida o‘z vaqtida qurib bitkazildi.
O‘tgan yil dekabr oyida hammaning ko‘z o‘ngida qurib bitkazilgan bog‘cha binosi foydalanishga topshirilgani e’lon qilindi. Ochilish tadbirlarida qishloqning katta-yu kichigi ishtirok etdi.
Bog‘cha ochildi, lekin ishlamadi. Nega?
Maskanning qurilish ishlari yaxshi olib borilgan. Ko‘rinishidan chiroyli, ko‘rkam. Bino atrofiga ekilgan anvoyi gullar muassasaga o‘zgacha fayz bag‘ishlagan. Ushbu obodonlashtirish ishlariga hissa qo‘shayotgan kishilarni uchratdik.
- Bog‘chaning ishlashini kutib ko‘zimiz to‘rt bo‘ldi, - deydi Saodat Halimova. – Aytishlaricha, bog‘chaning mebel va jihozlari kechikayotganmish. Qachon shu kamchilik bartaraf etilsa, bog‘cha ishga tusharmish. 9 oy vaqt o‘tdi hamki, bu muammoga yechim topilmayapti. Eng yomoni, bu holat yana qancha davom etishini hech kim bilmaydi.
Vaziyatga Qorako‘lcha mahalla fuqarolar yig‘ini faoli O‘lmas Asadov, mahalla mutaxassisi Nazokat Halimovalardan yetarli izoh ololmadik.
- Salkam bir yildan buyon shu bog‘cha ishlari bilan chopaman, - deydi mazkur 48-maktabgacha ta’lim muassasasi rahbari Noila Eshonqulova. - Bog‘chaga rahbar etib tayinlanganligim to‘g‘risida buyruq ham berishgani yo‘q. Bog‘cha ishlay boshlasa, mudira bo‘lamanmi, yo‘qmi bilmadim. Ammo muassasa oshxonasi jihozlar - idish-tovoq, muzlatkich, gaz plitalari keltirilmagan. Yotoqxona mebellari chala olib kelingan. Bu kamchiliklarni bartaraf qilish uchun tuman, viloyat markazlariga qatnab charchadim. Quruvchilar, tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mutasaddilari quruq va’da berishdan nariga o‘tmaydi. Hatto bog‘chadan foydalanish uchun tuman yong‘in xavfsizligi bo‘limiidan ruxsatnoma ololmayapmiz. Odamlar "Bog‘chani qachon ishlatasiz", degan savolga ko‘mib tashlashdi.
Tuman yong‘in xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i Ilhom Amonovning ta’kidlashicha, mazkur maktabgacha ta’lim muassasasida qurilish ishlarini olib borgan qurilish tashkiloti binoda yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha bir qator talablarni bajarmagan. Quruvchi tashkilot tomonidan haligacha yong‘inga qarshi kurash vositalari texnik holati to‘g‘risidagi yig‘ma jild taqdim etmagan.
- Ushbu bog‘cha qurilishi uchun smeta-loyiha hujjatlarida ko‘rsatilgan jihozlash bilan bog‘liq sarf-xarajatlar uchun haligacha mablag‘ ajratilmagan, - deydi tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi rahbari Toshturdi Alqarov. - Shu bois qurilishni amalga oshirgan "Oqdaryo bunyodkor quruvchi" MChJ mebel va jihozlarni olib berishni paysalga solayotir. Tez orada bog‘chani ishga tushirish masalasini hal qilamiz.
Bugun mamlakatimizda bolajonlarni maktabgacha ta’lim tizimiga qamrab olish bo‘yicha jadal ishlar borayotgan bir paytda bu kabi loqaydlik va o‘zibo‘larchilikka mutasaddi idoralarning e’tibor qaratishiga umid qilamiz.
G‘afur QARShIYeV,
"Kattaqo‘rg‘on haqiqati" muxbiri.