Qorasuv maskanida 200 o‘rinli tug‘ruq kompleksi hamda oilaviy poliklinika quriladi
Tug‘ruq kompleksi Samarqand shahar 1- son tug‘ruq majmuasi negizida ish olib borishi belgilangan. Yangi bino qurilishi uchun shahar tibbiyot birlashmasiga hududidan qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan 1,80 gektar yer maydoni doimiy foydalanish uchun ajratiladi.
Qurilish viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida amalga oshiriladi. Bu viloyat hokimining tegishli qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, kompaniya tegishli tashkilotlar bilan birgalikda ob’yektning loyihaoldi shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqib tasdiqlanishi, ekspertiza xulosalarini olish va tender savdolarini o‘tkazish choralarini ham ko‘radi.
Qarorda mas’ul idoralarga ob’yektning qurilish-montaj ishlarida qurilish sifati yuzasidan texnik, mualliflik va davlat nazoratini qat’iy olib borilishini, ob’yektda belgilangan qurilish-montaj ishlarini tasdiqlangan reja-grafik asosida bajarilishi va foydalanishga topshirilishini ta’minlash topshirilgan.
Hududidan Samarqand shahar tibbiyot birlashmasiga oilaviy poliklinika binosi qurilishi uchun ham yer maydoni ajratish haqida qaror qabul qilingan. Ya’ni, qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan 0,50 yer maydoni yangi oilaviy poliklinika binosi qurilishi uchun doimiy foydalanish maqsadida ajratiladi.