Qorasuvda ko‘p qavatli binolar qurilishi to‘xtadimi?

Samarqand shahar Qorasuv massivida barpo etilayotgan ko‘p qavatli uylar qurilishi biroz susaydi, ammo to‘xtagani yo‘q. “AGROMIR BULDINGS” MChJga tegishli qurilish maydonida shu paytgacha 3 ming nafarga yaqin ishchi ishlagan bo‘lsa, endilikda 500 nafar quruvchi mehnat qilmoqda.

 - Shu yerda vaqtincha yashovchi ishchilarimiz ishga kelmoqda, Oqdaryo, Payariq va boshqa tumanlardan qatnab ishlaydiganlarga javob berilgan, - dedi o‘zini Baxtiyor deb tanishtirgan ishchi. - Har kuni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib turadigan vrach, hamshiralar bor. Yotoq joylarimiz, oshxonalar ham dezinfeksiya qilinyapti.

Qurilish maydonida ishchilar karantin qoidalariga amal qilgan holda tibbiy niqobda mehnat qilmoqda. Karantin sabab uylar o‘z vaqtida qurib bitkazilmasligi ehtimoli yuqori.

 Xurshida ERNAZAROVA.