Qorasuvda qurilayotgan futbol maktabi yil oxirigacha foydalanishga topshiriladi

Bu haqda viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyev ma’lumot berdi.

Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan anjumanda, shuningdek, sohada amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi rejalar haqida ommaviy axborot vositalari vakillariga batafsil ma’lumot berildi.

Bugungi kunda viloyatda 30 ta sport ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu muassasalarda sportning 50 turi bo‘yicha 30 mingdan ortiq yoshlar muntazam shug‘ullanyapti. Ularning 636 nafari mamlakatimiz milliy terma jamoasining asosiy, 334 nafari zaxira tarkibiga kiritilgan.

Joriy yil 9-18 avgust kunlari Turkiyaning Ko‘niya shahrida Islom birdamlik o‘yinlari, 9-25 sentyabr kunlari Xitoyda Osiyo o‘yinlari musobaqalari o‘tkaziladi. Hozirda tayyorgarlik ishlari olib borilyapti. Bu musobaqalar orqali 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan olimpiadaga sportchilar saralab olinadi.

Kelgusida viloyatimizda sportning kurash, futbol va velosport turlarini rivojlantirish bo‘icha ham istiqbolli rejalar belgilab olindi. Xususan, 2023 yil yakunigacha kurash sport maktabi, viloyat futbol mahorat maktabi, Samarqand tumanida yopiq turdagi velotrek sport inshooti hamda chavandozlar maktabi kabi 4 ta sport kompleksi qurilishi rejalashtirilgan. Qorasuvda qurilayotgan futbol mahorat maktabining 150 o‘rinli o‘quv binosi va yotoqxonasi yil yakuniga qadar qurilib, foydalanishga topshiriladi.