Qo‘shrabot tumanida 75 o‘ringa mo‘ljallangan bog‘cha qurilib, 24 ta ish o‘rni yaratildi

Yosh avlodni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalashda maktabgacha ta’lim tizimining ahamiyati beqiyosdir. Tadbirkor Eshbek Bo‘tayev Qo‘shrabot tumanining “Boyto‘p” mahallasida xususiy maktabgacha ta’lim muassasasini foydalanishga topshirdi.
Mahalliy tadbirkor tashabbusi bilan 1 milliard 700 million so‘m mablag‘ evaziga qisqa muddat ichida bunyod etilgan zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasida kelajakda bilim, iqtidori va mehnati bilan vatanimizning munosib davomchilari bo‘lib yetishadigan avlod tarbiyalanadi.
Maktabgacha ta’lim muassasasining ochilish marosimida ishtirok etganlar yangi tashkil etilgan 2 qavatli, 75 o‘ringa mo‘ljallangan tarbiya maskanida jajji bolajonlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi. E’tirofli jihati shundaki, ushbu maktabgacha ta’lim muasasasining faoliyat boshlashi natijasida 24 nafar qishloq aholisi uchun yangi ish o‘rinlari yaratildi.