Qo‘shrabot tumanida “Doimo e’tiborimizdasiz!” shiori ostida sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi
Zarmitan, Zarkent va Boyto‘p mahallalari Qo‘shrabot tumanidan 15 kilometr uzoqlikda joylashgan. Bu hududda o‘n mingga yaqin fuqaro istiqomat qiladi. Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi mas’ul xodimlari hamda Qo‘shrabot tuman davlat xizmatlari markazi mutaxassislari tomonidan aynan ushbu manzilda navbatdagi sayyor tadbir tashkil etildi.
Zarkent mahallasi markazida o‘tkazilgan tadbirda 100 ga yaqin mahalla fuqarolari ishtirok etdi. Dastlab, yig‘ilganlarga davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatilayotgan 120 ga yaqin davlat xizmatlari haqida ma’lumot berildi.
- Bugungi tadbirga singlim bilan keldim, - deydi Zarkent mahallasida istiqomat qiluvchi Lola Shodmonova. – Markaz xodimlari tomonidan murojaatimiz tez fursatda ijobiy hal etib berildi. Bunday sayyor tadbirlarning tashkil etilishi fuqarolarga yengillik yaratishi bilan birga ularning vaqtlari va ortiqcha mablag‘lari tejalishini ta’minlaydi.
Shuningdek, tadbirda Zarkent va Zarmitan mahallalarida istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oila vakillari - R.Valiboyeva hamda M.Soibovalar xonadoniga borilib, ularning murojaatlari yuzasidan davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
O‘tkazilgan sayyor tadbirda 70 ga yaqin fuqaroga huquqiy-normativ hujjatlar xususida maslahat va tushunchalar berildi.
Tadbirda Davlat xizmatlari markazida faoliyat boshlagan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri qabulxonasi vakillari ham qatnashib, fuqarolar dardini tingladi, ularni qiynab kelayotgan muammolarga yechim izladi.
Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.