Qo‘shrabotda ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi(mi?)
Ko‘pchilikka ma’lum, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 18 dekabrdagi qarori qabul qilingan edi. Qaror qabul qilinishi aksariyat qo‘shrabotliklarni xursand qilgani rost.
Biroq oradan shuncha vaqt o‘tsada ichimlik suv ta’minotida o‘zgarish, yangilik kuzatilmadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, asosiy ishlar boshlanmasligiga loyihalash ishlarining cho‘zilib ketgani va xorijlik investorlar bilan kelishuvlar sabab bo‘lgan. Ayni damda tumanda dastlabki qurilish-qazish ishlari jadal sur’atlarda boshlab yuborilgan.
- 2021 yilgacha mo‘ljallangan “Qo‘shrabot tumanining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash” loyihasi Saudiya taraqqiyot fondi va OPEK fondi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi, - deydi viloyat «Suvoqova» davlat unitar korxonasi direktori Komil Yusupov. - Umumiy qiymati 36,04 mln. dollar miqdoridagi kredit mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan ishlarning 29,7 mln. dollari chet el investitsiyasi hisobidan qoplanadi.
Loyiha doirasida tuman bo‘yicha 56 ta suv inshooti qurish va rekonstruksiya qilish, 110 ta suv quduqlarini qazish, 408 kilometr suv o‘tkazgich va suv tarqatish tizimlarini barpo etish rejalashtirilgan.
Bugungi kungacha Xitoyning «Anhui Shuian Construction Group» kompaniyasi tomonidan Qiyqim qishlog‘ida 2 ta suv qudug‘i qazilgan. Shuningdek, “Suv-taraqqiyot” va “Neftgazmontaj” konsorsiumi (O‘zbekiston) tomonidan Chinoq qishlog‘ida 2 kilometr, Yuqori Jo‘sh qishlog‘ida 7 kilometr handaqlar va 1 ta suv qudug‘i qazilgan.
Loyihada belgilangan ishlar amalga oshishi natijasida Qo‘shrabot tumanining 65 ming nafar aholisi markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.