Qo‘shrabotda xonaki tovuq ko‘paytiriladi

Davlatimiz rahbarining joriy yil 15-16 aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar doirasida aholini tadbirkorlikka keng jalb etish orqali bandligini ta’minlash maqsadida Qo‘shrabot tumanida xonaki tovuq yetishtirish va mahsulotni realizatsiya qilishning yaxlit tizimini yaratish bo‘yicha amaliy tadbirlar boshlandi.

Tumanda Davlat soliq qo‘mitasi huzurida aholiga parrandachilikni rivojlantirishga ko‘maklashuvchi “Loyiha ofisi” tashkil etilib, har bir xonadon doimiy kuzatib borilmoqda hamda ularga o‘z vaqtida veterinariya xizmatlari ko‘rsatilishi va zarur ozuqa yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yildi.

Dastlab tajriba tariqasida 70 ta xonadonga 55 tadan xonaki tovuq (xo‘roz) va inkubator olib berildi, shu bilan har bir xonadonda kuniga 30 ta tuxum olish va bir oyda inkubator orqali 450 ta jo‘ja chiqarish imkoniyati yaratildi.

Aholining bu boradagi malakasini oshirish uchun Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidan mutaxassislar jalb qilinib, amaliy seminar tashkil etildi. Mutaxassislar inkubatorni ishlatish, parrandalarni parvarish qilish, emlash bo‘yicha batafsil tushuntirish berishdi. Parranda yetishtirish mexanizmlari aks etgan targ‘ibot materiallari taqatildi.

– 70 xonadonda bu tajriba o‘zini oqlagach, keyingi bosqichda ushbu tizimni boshqa xonadonlarda ham joriy qilamiz, – dedi Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov. – Hozircha tumanda ushbu faoliyat bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan 200 ta xonadon ro‘yxati shakllantirilgan. Har bir xonadonga banklar tomonidan “Oilaviy tadbirkorlik dasturi” doirasida 33 million so‘mgacha kredit mablag‘lari ajratiladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bitta xonadonda bir oyda 450 ta, bir yilda 5400 ta, 200 ta xonadonda 1 millionta jo‘ja chiqariladi. Bu bilan tumanda xonaki tovuq yetishtirishga ixtisoslashgan “mahallalar klasteri” shakllanadi.

Seminarda qatnashgan viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Inog‘omovning qayd etishicha, “Loyiha ofisi” tomonidan har bir xonadon doimiy kuzatib boriladi hamda ularga o‘z vaqtida veterinariya xizmatlari ko‘rsatilishi va zarur ozuqalar yetkazib berilishi ta’minlanadi.

Samarqand viloyati davlat

soliq boshqarmasi axborot xizmati.