Qo‘shrabotdagi bozor harbiylarga nimasi bilan muammo tug‘diryapti?

Mamdakatimizda keyingi yillarda harbiylar uchun keng imkoniyatlar eshigi ochildi. Qo‘shrabot tumanida xizmat qilayotgan harbiylar uchun ham yetarlicha sharoitlar yaratilyapti. Shunday bo‘lsa-da ularni qiynayotgan qanday muammolar mavjud? Harbiylarning qanday takliflari bor? Tuman hokimi Himmat Oqbo‘tayev Vatan himoyachilari kuni oldidan Zarkent shaharchasidagi harbiy qism xizmatchilari bilan dildan suhbatlashish, ularning savol va takliflarini tinglash, muammolariga yechim topish maqsadida uchrashuv tashkil qildi.

- To‘g‘ri, tumanda biz uchun munosib mehnat va turmush sharoitlari yaratilgan, - dedi katta serjant Tolib Safarov. – Ammo haftaning har juma kuni Zarkent shaharchasidan chiqib, tuman markazidagi bozor atrofidan o‘tib-qaytish katta muammo. Yo‘l keng bo‘lishiga qaramasdan, bozor-ucharga kelgan fuqarolarning avtomashinalari tirbandlikni yuzaga keltirgani bois soatlab vaqtimizni yo‘qotamiz.

Hokim tuman ichki ishlar bo‘limi mas’ul xodimlariga mazkur muammoni bartaraf etish, bozor oldi yo‘lidagi transport harakatini tartibga keltirish bo‘yicha qat’iy vazifalar belgiladi.

Shuningdek, harbiylar xizmatchilar turmush o‘rtoqlarini ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun kreditlar ajratish, farzandlarini maktabgacha ta’lim tashkilotlariga joylashtirish masalalari bo‘yicha hokimga murojaat qilishdi.

Qo‘shrabot tumani hokimligi axborot xizmati.