Qo‘shrabotlik fuqaro IIB xodimlarini haqorat qilgan va idora eshik-romlariga shikast yetkazgan
Joriy yilning 6 aprel kuni Qo‘shrabot tumani Yuqori Jo‘sh MFY raisi mahallaga ichimlik suvi uchun o‘tkazilgan suv quvurlarini fuqarolar o‘zboshimchalik bilan kovlab, uyiga olib ketayotganligi va ushbu quvurlarni fuqarolardan olib berishni so‘rab IIBga murojaat qilgan. IIB xodimlari Sh.Zoxidov va G‘.Mamayevlar ushbu quvurlarni Qo‘shrabot tumani Yuqori Jo‘sh MFYda yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan fuqaro T.Sh. kovlab olganligini aniqlab, uning yashash uyiga borib suhbatlashib turishganida, ushbu mahallada yashovchi, 1991 yil tug‘ilgan fuqaro X.N. xodimlarning qonuniy faoliyatiga qarshilik qilib, ularni turli qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilgan.
Fuqaro X.N.ni Qo‘shrabot tumani IIBga olib borishgan vaqtida u ichki ishlar xodimlarini yana haqorat qilib, binoning ichki tomonidagi devorlari, vaqtincha ushlab turish xonasining eshigi va romlariga shikast yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan Qo‘shrabot tumani prokuraturasi tomonidan X.N.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi va 140-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.