Qotil haykal
Bu dunyoda qanaqa hodisalar bo‘lmaydi, deysiz. Bir vaqtlar Gretsiyaning Tasos orolida mushtlashish jangida dong taratgan Teagen ismli jangchining bronza haykali qad rostlab turardi.
U qadimgi Gretsiyada keng tarqalgan sport musobaqasining ko‘p marta chempioni edi. Shahar markazida o‘rnatilgan uning ushbu haykali bilan fuqarolar faxrlanishardi. Ammo Tasosning hamma aholisi ham o‘z yurtdoshlari bilan g‘ururlanishmasdi. Ular orasida qandaydir sababga ko‘ra mashhur vatandoshining haykalini ko‘rgani ko‘zi yo‘q kimsa topilib qoldi.
To‘g‘ri, uning nafrati har kuni kelib haykalni tepkilab ketish bilan cheklandi. Oxir-oqibat bu odat tungi bezori uchun ayanchli yakun topdi. Bir kuni tepkiga dosh berolmagan “bronza jangchi” - haykal qulab, bezorini bosib qoldi...
Qonun, qonun-da, haykal qotillikda ayblanib, sud kursisiga o‘tqazildi. Qurbonning qarindoshlari qotil haykalning aybini isbotlab berishdi. Bronza haykal «o‘limga» mahkum etilib, dengizga uloqtirildi.
***
Birinchi muzlatilgan odam
1963 yilda dunyoda birinchi marta rakdan vafot etgan ruhshunos professor Jeyms Berford jasadi muzlatildi. U kelgusida tibbiyot o‘liklarni tiriltira olish darajasiga yetguncha murdasini saqlashni vasiyat qilgandi.
Mijoz sun’iy nafas olish apparatiga ulandi, uning qoni maxsus suyuqlik bilan almashtirildi. So‘ngra tana sovutilib, suyuq azot bilan to‘ldirilgan kriogen kameraga joylashtirildi. O‘shandan buyon muzlatilgan pioner «Amerika krion jamiyati» laboratoriyasida «uyquda» yotibdi. Bunday oxiratga mahkum bo‘lishni istovchilar ko‘p ekan. Shu bois ana shunday xizmat kursatuvchi birinchi firma paydo bo‘ldi.
Mish-mishlarga qaraganda, Salvador Dali, Uolt Disney va XX asrning boshqa taniqli kishilari bilan ham shunday operatsiya o‘tkazilgan. Vaqti kelib tibbiyot muzlatilgan murdalarni tiriltirishga ishonuvchilar ko‘p.
T.Shomurodov tayyorladi.