Qozog‘iston Prezidenti qat’iy karantin joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqayev 29 iyun kuni Koronavirusga qarshi kurashish davlat komissiyasiga qat’iy karantin joriy etilishi bo‘yicha taklif ishlab chiqilishi va Prezidentga taqdim etilishi bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

“Joriy epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha shoshilinch chora-tadbirlar ko‘rish maqsadida Davlat komissiyasiga joriy yilning mart-may oylarida amalda bo‘lgan qat’iy karantinga o‘xshash karantin joriy etish masalasi bo‘yicha ikki kun ichida taklif ishlab chiqish va menga taqdim etish haqida ko‘rsatma beraman”, deya ta’kidladi Toqayev hukumat a’zolari bilan bo‘lgan uchrashuvda.

Qozog‘iston Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, o‘z vaqtida tatbiq etilgan qat’iy karantin epidemiya avjining oldini olgan va vaqtdan yutishga imkon bergan. Shu bilan birga u favqulodda holat bekor qilinganidan so‘ng karantin qoidalariga amal qilinmay qo‘yilganini afsus bilan ta’kidladi.