Qozog‘istonda nima gaplar?
Qozog‘istondagi keyingi hodisalarni kuzatar ekan, kishi yodiga ko‘p voqealar keladi. O‘tgan asrning 80-yillari o‘rtasi, aniqrog‘i, 1986 yil 26 aprelda, vayronkor Toshkent zilzilasiga roppa-rosa 20 yil to‘lgan kuni sobiq SSSR deb nomlanmish saltanatda yana bir vayronkor halokat ro‘y berdi. Injener-texniklarning ehtiyotsizligi oqibatida Chernobil atom elektr stansiyasidagi yadro “jin”i “ko‘zasidan chiqib ketdi”. Portlagan reaktordan qanaqa dahshatli harorat ajralib chiqqanini his qilishingiz uchun quyidagi manzarani ko‘z oldingizga keltiraman. Tasavvur qiling: atom yong‘inini maxsus tayyorlangan zoldirlar bilan o‘chirish maqsadida reaktor ustiga harbiy vertolyot uchib keldi va zoldirlarni tashlash uchun bir muddat turib qoldi. Bir necha tonnalik tikuchoq 2-3 soniya ichida xuddi sham ustidagi mumdek erib, atom jahannami ichiga qulab tushdi. Buni kameralar tarix unutmasligi uchun kino tasmalariga abadiy muhrlab qo‘ydi.
Sobiq SSSRning parchalanib ketishida kimdir Mixail Gorbachyovni, kimdir Boris Yelsinni, yana kimdir har ikkalasiniyam ayblaydi. Ammo gapning xolisini aytadigan bo‘lsak, qizil imperiya inqirozi, avvalo, afg‘on urushi tufayli boshlangan bo‘lsa, Chernobil halokati ikkinchi sabab bo‘ldi. Imperiya tanazzuli haqida gap ketar ekan, uning ko‘pchilik e’tibor bermaydigan hal qiluvchi uchinchi sababini ham yodga olib qo‘yish joiz. Bu omil SSSRning ildiziga bolta urdi. Chunki o‘sha davrda kommunistik saltanat targ‘ibotchilari ittifoqda imperialistik millatchilikka barham berilib, yagona qardosh sovet xalqi shakllangani haqida dunyoga dovrug‘ yoyardi. Bunga uzoq vaqt ulkan davlatni turli millatga mansub rahbarlar boshqarganini yorqin misol qilib ko‘rsatardi.
Vladimir Lenindan keyin sovet davlatiga boshchilik qilgan Iosif Stalin va Nikita Xrushchyov biri gruzin, ikkinchisi ukrain bo‘lib, rus millatiga mansub emasdilar. Bu esa sho‘ro baynalmilalchiligining yorqin namunasi sifatida talqin etilardi. Haqiqatan ham, sho‘ro saltanatida xalqlar o‘rtasida azaldan mavjud bo‘lgan millatchilik illatiga tamoman bo‘lmasa-da, nisbatan barham berilgandi. Sovet tashviqot vositalari tomonidan ham xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, qardoshlik va o‘zaro internatsional nikohlar keng targ‘ib qilinardi. Biroq, 1986 yil oxirida Gennadiy Kolbinning Qozog‘iston SSR Kommunistik partiyasining birinchi sekretari etib tayinlanishi mutlaqo kutilmagan oqibatni keltirib chiqardi. Milliy o‘zligini taniy boshlagan mahalliy yoshlar qozog‘istonlik bo‘lmagan amaldorning respublikaga xo‘jayin bo‘lishiga qarshi isyon ko‘tarishdi. Namoyishga chiqqan olomon beboshligini kuchishlatar tizimlar tomonidan tinchlantirishga urinishlar natija bermagach, o‘tochar qurollar ishga solindi va oqibatda o‘nlab namoyishchilar halok bo‘ldi. Shunday qilib, Sovet Qozog‘istoni tarixida birinchi qonli sahifa ochildi. Sobiq SSSR hududlarida millatchilik va ayirmachilikning avj olib ketishida Olmaotadagi 1986 yil dekabr voqealari xamirturush vazifasini bajardi desak, xato bo‘lmas.
1989 yilda G‘arbiy Qozog‘istonda yana bir notinchlik o‘chog‘i paydo bo‘ldi. Kavkaz millatiga mansub vatandoshlarining zo‘ravonligini hazm qilolmagan mahalliy aholi yana g‘alayon qildi. Bu gal chechen, ingush va boshqa millatga mansub oilalar o‘z tarixiy vatanlariga ko‘chib ketishga majbur bo‘ldilar.
Qozog‘iston Respublikasi mustaqillikka erishgach, mamlakatda yangi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar shakllandi. Respublika rahbarlari tomonidan joriy etilgan ochiq eshiklar siyosati natijasida mamlakatga xorij investitsiyalari oqib keldi. Ayniqsa, yonilg‘i-energetika sohasi gurkirab rivojlana boshladi. Neft va gazdan kelayotgan mo‘may daromad qisqa vaqt ichida Qozog‘istonni rivojlanayotgan davlatlar qatoriga kiritib qo‘ydi. O‘sha yillarda Qozog‘istonga borib ishlash ko‘pgina vatandoshlarimizning orzusiga aylangani yodimda.
Shu o‘rinda bundan o‘n yillar burungi bir voqea esimga tushadi. O‘shanda biz, urgutlik o‘qituvchilar Past Darg‘om dalalariga paxta terishga safarbar qilingandik. E’tibor qilsam, dalalarda barchasi hasharchilar. Shunda fermer bobodan qishloqdagi mohir terimchi ayollar haqida so‘radim. Ma’lum bo‘lishicha, ular Yettisoyga paxta tergani ketishgan ekan. Chunki o‘sha paytlarda bir kilo paxta uchun o‘zimizda 200 so‘m berilardi. Qozog‘istonda esa terimning narxi kilosiga ming so‘m ekan. Bir kunda 50-100 ming so‘m pul ishlab topish o‘sha yillarda yaxshi daromad hisoblanardi.
Yangi iqtisodiy siyosat natijasida mamlakat g‘arbida yonilg‘i-energetika sanoati gurkirab rivojlandi. Qozog‘istonlik ishsiz yoshlar yangi shaharlarga oqib kela boshladi. Ma’lumki, ishchilar aholining boshqa qatlamlariga nisbatan bilimliroq va faolroq bo‘ladi. Hayotdagi adolatsizliklardan hafsalasi pir bo‘lgan Jana Ozen shahridagi yosh-yalanglar 2011 yilda yana to‘polon qilib chiqishdi. Bu gal ular mamlakatda korrupsiya va olchoqlikning, ijtimoiy tengsizlikning kuchayib ketayotganidan norozi bo‘lishdi. Ma’murlar ularning bir necha talablarini qondirgan bo‘lib, ashaddiylarini olib qamoqqa tashladilar. Ammo bu bilan respublikadagi suiiste’molchiliklarga barham berilmadi. Aksincha, Nazarboyev shaxsiga sig‘inish kuchayib, poraxo‘rlik va ochko‘zlik yanada avj oldi. Natija o‘zini uzoq kuttirmadi.
2022 yil 2 yanvar kuni xalq yana qo‘zg‘aldi. Suyultirilgan gazning ikki baravar qimmatlashganiga qarshi boshlangan xalq g‘alayoni siyosiy talablar ilgari surilgan qo‘zg‘olonga aylanib ketdi. Ayniqsa, Olmaota shahridagi vaziyat g‘oyat mushkullashib, huquqni himoya qiluvchi tizimlar voqealarni nazorat qilolmay qoldi. Ularning kuch-salohiyatidan shubhalangan hukumat vaziyatni o‘nglash uchun xorijdan harbiy yordam so‘rashga majbur bo‘ldi. Eng yomoni: prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev qo‘zg‘olonchilarga qarshi o‘qotar qurollardan foydalanishga buyruq berdi. Oqibatda ikki yuzdan ziyod odam qurbon bo‘ldi. O‘rtada 20 mingdan ortiq qurollangan banditlar kim ekanligi, agar banditlar bo‘lsa, ichki qo‘shinlar nega ularga qarshi turmaganligi, qattiq qo‘riqlanadigan idoralarga va aeroportga qo‘zg‘olonchilar nega osongina kirib borishgani, Qozog‘iston xavfsizlik kengashi raisi Nursulton Nazarboyevning keyingi taqdiri nima bo‘lganligi haqidagi ko‘plab savollar hanuz o‘z javobini kutib yotibdi. Yangi prezident To‘qayev xorij askarlari yordamida hokimiyatni qo‘lida saqlab qolgan bo‘lsa-da, kelajakda ushbu qaltis savollarga to‘liq javob berishiga to‘g‘ri keladi.
Shu o‘rinda yana bir jo‘yali savol paydo bo‘ladi. Qirg‘iziston va Armaniston ichki notinch vaziyatni tuzatish maqsadida Moskvadan yordam so‘raganida buni rad etgan Vladimir Putin Qozog‘istonga qo‘shin kiritishga nega darhol rozi bo‘ldi? Bunda bizning fikrimizcha, uchta muhim omil sabab bo‘ldi.
Birinchidan, dunyo hamjamiyatiga Rossiyaning hali ham dunyo taqdiriga ta’sir o‘tkazadigan kuchli davlat ekanligini ko‘rsatib qo‘yish.
Ikkinchidan, AQSh prezidenti bilan bo‘ladigan tarixiy muzokaralar arafasida G‘arbdagi raqiblarga ruhiy bosim o‘tkazish.
Uchinchidan, shu bahonada ta’sir doirasidan asta-sekin chiqib ketayotgan Qozog‘istonni yana qaytadan Rossiya siyosiy orbitasiga tortib, iloji bo‘lsa harbiy qo‘shinlarni o‘sha yerda joylashtirish.
Qozog‘istondagi bugungi vaziyat shuni ko‘rsatyaptiki, yuqoridagi uchta muhim maqsadlardan birortasiga ham erishilmadi. Qaytaga Rossiyaning ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan yanada zaiflashgani ko‘rinib qoldi. G‘arb davlatlari bilan bo‘lgan muzokaralarda Ukraina va Gruziya erkinligini cheklash masalasida Rossiya tomoni AQShdan qat’iy rad javobini oldi. Katta shov-shuv bilan olib kirilgan KXShT desant qo‘shinlari qanday tezlik bilan kiritilgan bo‘lsa, shunday tezlik bilan olib chiqib ketildi.
Bularning barisi shuni ko‘rsatmoqdaki, sobiq sho‘ro hududlarida Moskvaning ta’siri qaytarilmas darajada zaiflashib bormoqda. Buning sababi shundaki, mintaqada Rossiyadan tashqari AQSh, Xitoy, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Yaponiya, Eron singari yangi yirik o‘yinchilar paydo bo‘ldi va ular Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan teng hamkorlik asosida munosabatlarga kirishmoqda. Birgina Xitoy mintaqa davlatlarini va Rossiyaning o‘zini ham iqtisodiy jihatdan o‘ziga chambarchas bog‘lab oldi. Bu mamlakatlar allaqachon Xitoyning katta tayyor mahsulotlar bozori va boy xom ashyo omboriga aylanib ulgurdi. Shu ma’noda, quyidagi ma’lumotni maqolamizga ilova qilish mumkin: bugungi kunda Rossiya uchun Qozog‘iston tashqi savdo aylanmasi arzimagan kichik foizlarni tashkil qiladi.
Bultur “Valday” siyosiy-iqtisodiy tahlil markazi anjumanida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev: “Bundan buyon u yoki bu davlat nufuzi atom qurollari quvvati bilan o‘lchanmaydi va endi har bir mamlakat iqtisodiy sohada o‘z kuchini namoyon qilishi lozim”, degan mazmunda gapirganida Vladimir Putin unga Saddam Husayn taqdirini misol keltirib keskin e’tiroz bildirgan edi. Qozog‘istondagi keyingi voqealar prezident To‘qayevning bu borada haq ekanligini yana bir marta tasdiqladi.
Xudoyberdi Komilov,
siyosiy sharhlovchi.