Qozog‘istonning Karaganda viloyatida karantin chora-tadbirlari qayta joriy etiladi

Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni ortgani sababli, 13 iyun sanasidan e’tiboran Qozog‘istonning Karaganda viloyatida karantin chora-tadbirlari qayta joriy etiladi. Bu haqda Karaganda viloyati rahbariyati matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, mazkur hududda so‘nggi hafta davomida 303 nafar koronavirus holati aniqlangan.

“Odamlar alohidalash, ijtimoiy masofa saqlash va boshqa sanitar qoidalarni buzishda davom etmoqda. Qozog‘iston sanitariya bosh shifokorining talabiga binoan, agar kasallanish ortishi 7 foizdan oshsa, karantin chora-tadbirlari qayta faollashtiriladi. Shu sababli 13 iyun kuni zaruriy cheklovlar joriy etiladi”, deyilgan xabarda.

13 iyundan boshlab 70 foizga yaqin davlat xizmatchilari masofaviy ishlash tizimiga o‘tkazilishi, shu bilan birga umumiy savdo ob’yektlari ish vaqti ham qisqartirilishi kutilmoqda.