QQS miqdori 20 foizdan 15 foizga pasaytirildi
Prezidentimiz tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbilari to‘g‘risida”gi Farmon (PF–5837-son, 26.09.2019 y.) imzolandi.
Farmonga muvofiq, joriy yilning 1 oktyabridan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi (QQS) amaldagi 20 foizdan 15 foizga pasaytiriladi.
Shuningdek, soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchining tijorat banklaridagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarini to‘xtatib turish bo‘yicha amaldagi tartib bekor qilindi.
Bundan tashqari, 2020 yilgi Davlat byudjeti loyihasi tayyorlanishida:
* davlat korxonalari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasini 25 foizdan 12 foizga tushirish;
* divident shaklida to‘lanadigan daromadlarga soliq stavkasini saqlab qolgan holda, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i stavkasini 15 foiz miqdorida belgilash;
* qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini bekor qilish nazarda tutiladi.
2019 yil 1 oktyabrdan boshlab ilgari Moliya vazirligining byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazib kelingan yagona soliq to‘lovi summasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetiga o‘tkaziladi.