QQSga o‘tish tartibi qanday bo‘ladi?
Mamlakatimizda soliq siyosatini yanada takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar hayotga tatbiq qilinmoqda. Prezidentimizning joriy yil 10 iyuldagi “Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal hujjat bo‘ldi.
Ushbu hujjatga asosan 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tadigan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar davlat soliq xizmati organlarida ushbu soliqning to‘lovchisi sifatida majburiy hisobga olinadi va bu qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olishning sharti hisoblanadi.
Shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishda ushbu soliq summasi qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tilgan sanadan avvalgi oxirgi 12 oyda xarid qilingan tovar-moddiy zaxiralarning tasdiqlangan qoldiqlari bo‘yicha realizatsiya hajmiga mos keladigan ulushda hisobga olinadi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tish yoki yagona soliq to‘lovini to‘lashni rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tiladigan oy boshlanishidan oldin o‘n ish kunidan kechiktirmasdan taqdim etiladi.
Samarqand viloyati davlat
soliq boshqarmasi axborot xizmati.