Qumtor oltini: Ekologiyami yoki siyosat?
Qirg‘iziston rasmiylari Tyan-Shan tog‘larida dengiz sathidan 4000 metr balandlikda joylashgan Qumtor oltin konini to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqarishni joriy etdi.
Bishkek Kanadaning «Centerra» boshqaruv kompaniyasini halokatli oqibatlarga olib kelgan ekologik normalarni qo‘pol ravishda buzganlikda aybladi. Tog‘ jinslari chiqindisining to‘g‘ridan-to‘g‘ri atrofdagi muzliklarga noqonuniy tashlanishi ularning deyarli butunlay yo‘q bo‘lishiga olib kelmoqda. Mamlakat atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, yigirma yil ichida 1 milliard tonnadan ortiq chiqindi jinslar muzga tashlangan.
"Eng katta xavf shundaki, chiqindixona to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzlikdan paydo bo‘lgan Petrov ko‘li ostida joylashgan. Bu ko‘lning o‘pirilish xavfi katta. Shunda bu suvlar chiqindi joylashgan suv omborini yakson qiladi, u yerda to‘plangan zaharli moddalar esa daryolarga tushadi", deydi ekologiya va iqlim davlat qo‘mitasi raisi Dinara Qutmanova.
Ayni paytda Kanada kompaniyasidan 3 milliard dollar jarima talab qilinmoqda. Bunga javoban kanadaliklar bankrotlik protsedurasini boshlashdi. Kon ma’muriyatining ta’kidlashicha, hatto sof ekologik nuqtai nazardan ham barcha aybni boshqaruvchi tashkilotga yuklash noto‘g‘ri.
"Olimlar o‘z hisobotlarida nafaqat Qumtorda, balki butun dunyoda, jumladan Markaziy Osiyoda muzliklarga asosiy ta’sir aynan iqlim o‘zgarishi, isishi ekanligini ta’kidlamoqda. Shuningdek, Qumtor muzligida ham havo harorati keskin oshayotgani bor gap", deydi Qumtor konining atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Olga Medoyeva.
"Qumtor" - Qirg‘izistondagi eng muhim korxonalardan biri bo‘lib, yalpi ichki mahsulotning qariyb 10 foizini ta’minlaydi. Bu kon atrofidagi birinchi mojaro emas. 2014 yilda katta qayta tuzish ishi amalga oshirilgan edi. Shu sababli, ayrim tahlilchilar Kanada korxonasi harakatlarini oqlamagan holda Qirg‘iziston rahbariyatidagi chuqur korrupsiya haqida gapirishdi va hatto bu masalada Moskva yoki Pekinning qo‘li borligini taxmin qilishdi. Ularning fikricha, agar Bishkek konni amalda milliylashtirish jarayonini davom ettirsa, ulkan investitsiya yo‘qotishi va hatto sanksiyalarga duch kelishi ehtimoldan xoli emas.