Qurilish kompaniyasi rahbari bog‘cha ta’miri uchun ajratilgan pulga “Lacetti” sotib olgan
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Bekobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshirishda «D.B.S» MChJ tomonidan tumandagi 29-maktabgacha ta’lim tashkilotida shartnomada ko‘rsatilgan rekonstruksiya ishlari bajarilmagani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.
Shunday bo‘lsa-da, «Infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha injiniring kompaniyasi» davlat unitar korxonasi Toshkent viloyati filiali tomonidan ushbu jamiyatga 2,4 milliard so‘m o‘tkazib berilib, juda ko‘p miqdordagi byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.
«D.B.S» MChJ rahbari tomonidan o‘zlashtirilgan byudjet mablag‘lari hisobidan “Lacetti” rusumli avtomashina sotib olinib, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar legallashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan «D.B.S» MChJ rahbari X.R. «Infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha injiniring kompaniyasi» DUK Toshkent viloyati filiali mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.