Qushhovuzmi yoki Qo‘shhovuz? Samarqand shahrida "Davlat tili haqida"gi qonunning tatbiq etilishi haqida mulohazalar

Ummon kabi sof, teran va rangin tilimiz bor. Uni dunyo o‘rganmoqda. Ammo biz shu paytgacha faqat yilning 21 oktyabr sanasida turli tadbir o‘tkazish hamda ommaviy axborot vositalarida chiqish qilish bilan kifoyalanib keldik, xolos. Aslida qonunning hayotga tatbiq etilishini ta’minlash, uni hurmat qilish shu yurtda yashayotgan har bir fuqaroning burchidir. Vaholanki, o‘zbek tilimizga davlat tili maqomi berilganligiga 30 yil to‘ldi.


"Har qadamda ajnabiy yozuvlar..."

Albatta, 1989 yilda qabul qilingan "Davlat tili haqida"gi qonun ijrosi bo‘yicha viloyatimizda, xususan, Samarqand shahrida ma’lum darajada ishlar amalga oshirildi. Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar, ishlab chiqarilgan mahsulotu geografik ob’yektlarning nomlari davlat tilida, lotin alifbosida yozilgan. Ammo respublikamizda ichki va tashqi turizmni rivojlantirishga e’tibor berilayotgan bir paytda bu ko‘hna maskanga tashrif buyurgan sayyohlarning savdo shoxobchasi-yu xizmat ko‘rsatish korxonalari binolari peshtoqiga turli tillarda yozilgan lavhalarni o‘qib, ensasi qotishi tabiiy.

Yaqinda qo‘shni respublikadan kelgan tanishim Samarqand shahri qiyofasi keyingi paytlarda jiddiy o‘zgarganligi, yangilanganligini havas bilan e’tirof etdi. Shu qatori e’tirozini ham bildirdi: "Har qadamda ajnabiy tillardagi yozuvlarni uchratyapman. Sizning respublikangiz kabi bizning davlatimiz ham ko‘p millatli. Ammo fuqarolarimiz davlat tilini yaxshi biladi va unga nisbatan hurmat va e’tiborda bo‘ladi".

Bu gaplardan xijolat bo‘ldim. Nima deb o‘zimni oqlashga qiynaldim. Mehmonni kuzatgach, Samarqand shahrida bu borada qilingan ishlar va kamchiliklar bilan imkon darajasida tanishib chiqishga harakat qildim.

Korxona ma’muriyati yuqoridan ko‘rsatma kutyaptimi?

Rost, "Davlat tili haqida"gi qonunning 20-moddasida ko‘rsatilganidek lavhalar, e’lonlar, narxnomalar davlat tilida emas, ajnabiy tillarda yozilgan. Masalan, "Postronnim v’yezd zapreshenna" (Ko‘ksaroy maydoni), "Prinimayem oplati po kommunalnie platyoji karti ekspress oplata" (Ulug‘ Tursunov ko‘chasi), "Salvatini", "Personal", "Ramsey", "Daniels", "Elysee", "Parumurie", "U. S. Polo", "ASSN", "NBU" "KARAVAN studio" (Bo‘stonsaroy ko‘chasi), "EDU-cation IPP", "Dikaya vishnya", "Obrazovaniye zarubejom", "HOTEL SHAHNAME", "CITY HOTEL SAMARKAND" (Universitet xiyoboni), "Salon krasoti", "HOTEL EMIR XAN", "Bugatti", "Pizza Strada", "Detskiy mir LOTOS", "Crafers" va hokazo. Shahardagi Shohruh ko‘chasidagi "Malika" mehmonxonasi ham davlat, ham xorij tilida yozilgan…

Tanishish davomida hatto shaharning ayrim muassasalari nomi faqat chet tillarida yozilgan lavhalarga duch keldik. Bu holat asosan xususiy mehmonxona, tibbiyot klinikasi va firmalarda uchraydi. To‘g‘ri, mehmonxonalarning lavha va e’lonlari xorijlik sayyohlar tushunishi uchun ingliz tilida yozilishi maqsadga muvofiq. Ammo ushbu lavha yoniga o‘zbek tilida ham uning nomini yozish mumkin-ku?! Masalan, Shohruh ko‘chasidagi "Malika" mehmonxonasi kirish qismida o‘rnatilgan lavhalar ham o‘zbek, ham xorij tilida yozilgan.

"MEDSI" tibbiyot markazida hamma yozuvlar -    lavha, e’lon, reklama, narxnoma, eshiklardagi yozuvlar va boshqa ko‘rsatkichlar faqat rus tilida yozilgan. Yoki shahardagi "8 mart" MChJ (hozirda "Zarafshon tekstil") mahsulotlari yorliq (etiketka)lari faqat rus tilida yozilmoqda. Ish yuritish hujjatlari ham asosan rus tilida. Holbuki, ishlovchilarning 95 foizdan ortig‘ini mahalliy millat vakillari tashkil qiladi. Jamiyat raisi o‘rinbosarining aytishicha, shu paytgacha davlat tili masalasida hech kim ularga e’tiroz bildirmagan. Nahotki, korxona ma’muriyati yuqoridan ko‘rsatma va tekshirishlar bo‘lishini kutib o‘tirsa?!

"GUM", "SUM", "Dalniy lager"ga kim boradi? "Povorot"gachi?

Ayrim davlat va jamoat tashkilotlarining ham nomlanishida e’tiborsizlik bo‘layotgani xunuk holat. Masalan, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati viloyat bo‘limi idorasining barcha ko‘rsatkich va peshlavhalari kirill alifbosida yozilgan. "Buxgalteriya", OOO "Samarqand ziyo tarqatuvchi", degan peshlavhaga ko‘zingiz tushadi (Ko‘ksaroy maydonidagi Kengashlar uyi binosining 1-qavati). 

Xuddi shunday holat qurilish obodonlashtirish tashkiloti, "O‘zcharm" savdo uyushmasi, O‘zbekiston "Milliy tiklanish" hamda Xalq demokratik partiyalari viloyat kengashlari, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish idorasi, ulgurji savdo uyushmasi, "Qishloqqurilishinvest" mas’uliyati cheklangan jamiyati singari tashkilotlarda ham mavjud. Aftidan bu tashkilotlarda hali lotincha alifboda peshlavhalarni yozish urf bo‘lmagan. Xo‘p, kirillchada yozilibdi ham deylik. Ayrim joylarda uning xato yozilganiga kulishni ham, kuyinishni ham bilmaysiz. Masalan, Past Darg‘om tumani, Arabxona mahallasi hududida, yo‘l yoqasida ochilgan kushxona peshtoqida "Qushxona", deb yozilganiga nima deysiz?!

Ma’lum bir yo‘nalishda qatnovchi jamoat transportlarida sho‘rolar davrida ishlatilgan nomlar hamon uchramoqda. Bu achinarli hol. Masalan, "GUM", "SUM", "Dalniy lager", "Betonka", "Selskiy", "Povorot", "Dagbitskiy", "Araq zavodi", "Bulvar", "Frunze", "Nekrasov", "Parts’yezd", "Kolxoz Pobeda", "Grebnoy kanal", "Leninskiy", "Oktyabrskiy", "Za liniya" va hokazo.

Sho‘rbo, lagman, barak...

Shahar hududida ko‘rsatkich va lavhalarni yozishda ikki-uch tilni aralash holda qo‘llash holatlari ham uchraydi. Masalan, Islom Karimov ko‘chasidagi milliy taomlar oshxonasi oldidagi lavhada shunday yozilgan: "Sho‘rbo, lagman, barak, somsa, manti, kazon kabob, osh palov, shashliki, xalisa, salati, yevropeyskiye blyuda". Yoki Amir Temur ko‘chasida "BLUCS CAFE populyarnaya blyuda. Magazin". Bunday holatni shaharning xohlagan joyidan topish mumkin.

Qonunning 22-moddasida ko‘rsatilgan geografik ob’yektlarning nomlari davlat tilida aks ettirilishi masalasi deyarli o‘z ifodasini topgan. Ammo ba’zi ko‘cha nomlarini yozishda o‘zbekcha yozilganligiga qaramay, uning ust qismiga inglizcha yozilmoqda. Masalan, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi yozuvining ustiga Mirza Ulugbek str. shaklida berilmoqda. Yoki ba’zi ko‘cha nomlari kirill alifbosida yozilmoqda. Masalan, M.Sobirov ko‘chasi, O‘zbekiston ko‘chasi, 40-uy. Yoki Ali Qushchi ko‘chasi, Ali - Qushchi ko‘chasi, Ali Qushchi o‘tar ko‘chasi. Bu ko‘cha hatto kirill alifbosi imlosiga zid ravishda "Ali - Qushchi ko‘chasi" shaklida yozilgan. Yoki "Ali Qushchi o‘tar ko‘chasi" shaklida yozilishi boshqa bir shaxs Ali Qushchi o‘tar nomidagi ko‘cha tushuniladi. Bizningcha, Ali Qushchi ko‘chasi o‘tish yo‘lakchasi yoki tor ko‘chasi, deb nomlash maqsadga muvofiq bo‘lardi.

"Imlo qoidasi" faqat filologlarga kerakmi?

Похожее изображение

Shuningdek, har ikki alifbo "Imlo qoidalari"ga amal qilishda ham ancha-muncha kamchiliklar uchraydi. Juda ko‘p joylarda "x" va "h" harflarini farqlamaslik, bosh harflar hamda juft va takror so‘zlar imlosidan bexabarlik holatlari uchraydi. Masalan, Farxod, oziq ovqat, xamkor, ta’om kabilar.

Shahardagi 37-son bolalar bog‘chasidagi lavhalar oddiy imlo qoidalariga rioya qilinmasdan yozilgan. Masalan, MTM  hududidagi yozuvlarda tutuq belgisi (’)ni noto‘g‘ri qo‘llash holatlari mavjud. Dars jadvali lotincha yozilganu fanlar nomi ruscha. Z2-MTMda esa "Taomnoma" lotin alifbosida yozilganu taomlar nomlari hamda ularni tarqatish jarayonlari ruscha. Zavtrak, obed, poldennik, plov s myasom, lagman, sup va boshqalar. Yoki ayrim joylarda «FHDYO»ni «FXDYO» tarzida yozish «udum» bo‘lgan. Nima, "Imlo qoidasi"ni maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari o‘rganmaydimi yo qoida faqat filologlarga kerakmi?..

«Qushhovuz» qayerda?

«Siyob dehqon bozori»ning Bibixonim majmuasiga chiqish tomonidagi darvozasi ro‘parasida o‘rnatilgan ko‘rsatkichdagi "QUSH­HOVUZ" yozuvini o‘qib bir oz o‘ylanib qoldim. Qo‘shhovuzni bilar edim. Qushhovuzi qayerda ekan? Bu tarixiy hovuzni arxeologlar topgan bo‘lsa, uni hech joyda o‘qimadik-ku?! Keyin yozuv tagidagi ko‘rsatkichga e’tibor bilan qarasam, u Qo‘shhovuz ko‘chasi tomonga qaratilgan ekan...

Nafaqat Samarqand shahrida, balki viloyatda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning nomlari va narxnomalarida asosan ruscha, ba’zi o‘rinlarda nomigagina qisqa o‘zbekcha yozilganligini ko‘rish mumkin. Masalan, "Zakusochnaya - Baxt, kolbasa polukusochnaya, ChP Baxt. Jambay s. Kangli. Jomboy Kangli k", "Smetana Pure­miky. Taylyakskiy rayon, s. Kurgancha. Tayloq tumani, Kurg‘oncha q".

Ba’zilarida esa matn faqat rus tilida yozilganu alifbo aralash - kirillcha va lotincha bo‘lib, go‘yo korxona Rossiyaga qarashli, u O‘zbekiston hududida joylashgan. Masalan, "Bravo klassicheskaya yogurt. OЩO Bravo. g.Samarkand, ul. Buyuk ipak yuli, 112", "ASSORTII v tomatnom soke konservirovannie. "Khakim Naimov" OK. Samarkandskiy rayon, selo Kushkuprik", "Pechene, Elitnoye pechene. Respublika Uzbekistan, g. Samarkand, ulitsa Spitamenshax, 5\13. Bikovskaya 5\6", "Makon konsalting yuridicheskaya konsultatsiya №2". Ana, xolos.


Xullas...

Xullas, ona tilimiz millat ko‘zgusi sifatida namoyon bo‘lar ekan, uni har xil chet tillari ta’siridan muhofaza qilishimiz, milliy til sifatida sayqallashtirib borishimiz zarur. Shu bilan birga yurtimizda uni suiiste’mol qilishlari va buzishlariga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishimiz kerak.

Murodqosim ABDIYEV,

filologiya fanlari doktori, professor.