Rahbar so‘zida turdi. Aholi-chi, mas’uliyatini unutmadimi?
Bu yil men uchun o‘zgacha shukuh bilan boshlandi. Agar gapimni Kimyogarlar shaharchasida uzoq yillardan beri istiqomat qilaman, deb boshlasam, ushbu shukuh mazmunini darhol anglab olasiz.
Ko‘p yil viloyat tashkilotlarining birida ishladim. Ayni paytda nafaqadaman. Inson uchun oiladagi obodlik, xotirjamlik qanchalik muhim bo‘lsa, atrofdagi, ayniqsa, o‘zi istiqomat qiladigan hududning obodligi ham shunchalik ahamiyatlidir.
Tan olish kerak, uzoq yillardan beri Kimyogarlar shaharchasi qarovsiz bir hududga aylangan, nafaqat rahbarlar, balki shu yerda istiqomat qiluvchilarning ham e’tiboridan chetda qolgandi. Viloyat hokimi E.Turdimovning shu maskanga tashrifidan so‘ng shaharchada deyarli har kuni bir o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Yashirmayman, bu tashrifdan juda katta umid qilmagandik. Nari borsa, yo‘llarga asfalt yotqizilsa kerak-da, deb fikr qildik. Ammo noto‘g‘ri mulohaza yuritibmiz, uzoq yillik ishonchsizlik ongimizni egallab olgan ekan. Qisqa fursatda Kimyogarlar chin ma’noda shaharchaga aylandi. Yo‘llar tekislanishi barobarida uy-joylar to‘liq ta’mirlandi, Muhtasham madaniyat saroyi va boshqa ob’yektlar qurilib, foydalanishga topshirildi. Shaharcha butunlay yangicha qiyofaga kirdi. Buning zavqini va shukronasini bu yerda uzoq yillardan beri yashayotgan, befarq bo‘lmagan insonlar juda yaxshi his qiladi.
Bu jarayonda yana bir holatga guvoh bo‘ldim: bu - rahbarning xalq bilan muloqoti hamda o‘z so‘zini oxiriga qadar bajarishi. Bu ham bizning omadimiz bo‘lsa kerak. Xo‘sh, rahbar o‘z vazifasini bajardi, aholi uchun qulay shart-sharoit yaratildi. Ammo aholi o‘z mas’uliyatini unutmadimi? Yangi yilning ilk kunlarida shu haqda xayolga toldim. Sababi, obodlik osonlik bilan bo‘lmaydi, ammo uni asrab-avaylamasangiz, osonlikcha avvalgi holatga kelib qolishi mumkin. Shu o‘rinda barchani mas’ullikka undamoqchiman, obod shaharchamizni asrab-avaylashga, yangi inshootlar, yo‘llar uzoq vaqt bizga xizmat qilishini tilamoqchiman. Axir necha yil deganda shunday imkoniyatlarga erishdik, endi uni asraylik, farzandlarimiz ham obod maskanlarda ulg‘ayishiga o‘z hissamizni qo‘shaylik, deyman.
Gulshan Hamroqulova.