Nursiz qolayotgan shaharcha

Samarqand shahrining Nurli Kelajak, Nurafshon, Shukrona singari 6 ta mahallasini o‘z ichiga olgan Kimyogarlar shaharchasida 25 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.

Bugungi anomal sovuq kunlarda bu yerda yashayotganlarga oson bo‘lmayapti.

Gap shundaki, hududdagi turarjoylar asosan ko‘p qavatli uylardan iborat. Uylarni isitish tarmog‘i esa yo‘q. Aholi ko‘p qavatli uydagi xonadonlarini faqat elektr energiyasi hisobiga isitadi.

- 13-15 yanvar kunlari «svet»ni deyarli berishmadi,- deydi Nurli kelajak mahallasi raisi Komil Davronov. - Mas’ullarga chiqdik, "Avariya bo‘lgan, to‘g‘rilayapmiz", deyishdi. Muammo bartaraf etilgandan keyin ham vaziyat yaxshilanmadi. Bir kunda 10-15 marotabalar bir-ikki soatgacha uzishyapti. Birgina mahallamizda 1300 ta xonadon bor. Shundan 114 tasida nogironlar turadi, bola, keksalar, kasallar bor. Xalqqa nima deb tasalli berishni ham bilmayapman.

Biz kech tushishi bilan shaharchaga yetib bordik. Soat 16:40 da butun shaharcha elektr energiyasiz edi. Aholining aytishicha, «svet»ning boridan yo‘q vaqti ko‘proq ekan. Uyni qanday isityapsizlar, degan savolimizga ba’zilar gaz ballonchalaridan foydalanadi, ko‘pchilik chiroq yonguncha sabr qiladi, degan javoblarni oldik.

Ha, hududga yetkazib berilayotgan gaz bosimi ham juda past. Oqibatda gaz ko‘p xonadonlarga yetib ham bormaydi.

- Kelinim, ikki nafar nevaram bilan turaman, - deydi bir onaxon. - Kechqurun "osgan" ovqatim ertalabga borib pishadi. O‘y-xayolimiz sovuqda bir amallab jon saqlash bilan ovora. Qaysi asrda yashayapmiz o‘zi?

Biz maqolani yozguncha shaharchada chiroqlar yondi. Ammo bu gal qancha vaqtga, hech kim bilmaydi. Siz bilasizmi mas’ullar?

Yana bir masala. Hududdagi qaysi uyning oldiga to‘xtamaylik, piyodalar yo‘lakchalari, podezdlarga kirish joylari vaqtida qordan tozalanmaganligi uchun muzlab qolgani, umuman, asosiy yo‘llardan tashqari deyarli hech qayerda qor, muzlamalar tozalanmaganligini ko‘rdik. Bu uylarga, hududga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bormi? Agar ular ishlamasa, mahalla faollari, xonadon egalari hashar qilib, yurayotgan yo‘lini tozalasa, xavfsizroq qilsa bo‘lmaydimi? Biror kor-hol bo‘lishidan oldinroq harakat qilaylik. Bu gap energetiklarga ham taalluqli.

Asqar Barotov,

Baxtiyor Mustanov (foto).