Darg‘omda yoshlar ishsizmi?
Samarqand shahar Kimyogarlar shaharchasidagi Darg‘om mahallasi ishsizlar soni, yoshlar tomonidan turli jinoyatlarning sodir etilishi jihatidan shahardagi mahallalar o‘rtasida yetakchi o‘rinlarda edi. Ayniqsa, kam ta’minlangan oilalardagi ijtimoiy muammolarning yechimini topish nafaqat mahalla faollarining, balki shahar hokimligi uchun ham boshog‘rig‘i edi. Bugun-chi?
Samarqand shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, 3-sektor rahbari ishtirokida xatlov o‘tkazilib, mahalladagi kam ta’minlangan oilalar, e’tibordan chetda qolgan yoshlar hamda xotin-qizlar aniqlandi. Bunda adolatsizlikka, xatlov jarayonlarida hech kim e’tibordan chetda qolib ketmasligiga yo‘l qo‘yilmadi.
Bugungi kunda mahallada moddiy yordam va ko‘makka muhtoj yuzdan ortiq oila «Temir daftar»ga kiritilgan bo‘lsa, 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 229 nafar ishsiz yoshlar «Yoshlar daftari»da ro‘yxatga olingan.
- Mahallamizda 3 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi, - deydi Darg‘om mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Norqul Xoliqulov. – Maxsus daftarlarga kiritish uchun fuqarolar o‘rtasida mahalla faollari, ko‘chaboshilar, shuningdek, boshqa tashkilotlar vakillari yordamida xatlov o‘tkazib, birorta xonadon, birorta yoshning e’tibordan chetda qolishiga yo‘l qo‘yilmadi. So‘ralganlarning ijtimoiy holati qiziqishlari, qanday ish qo‘lidan kelishi, qanday imkon berilsa uni uddalashi hisobga olindi. «Yoshlar daftari»da ro‘yxatga olingan 17 nafar ishsiz yosh mahallamizda tashkil etilgan monomarkazda qayta kasb-hunarga o‘qitilmoqda. Uch nafari esa Samarqand shahridagi kasb-hunar maktablarida tikuvchilik, oshpazlik, elektrpayvandchilik kasblarini egallamoqda. Tadbirkorlik ishtiyoqida bo‘lgan ikki nafar yigitimizga Xalq bankining Temiryo‘l bo‘limidan 14 foizlik imtiyozli kredit olishiga yordamlashdik. Shuningdek, bir nafari fotosalon ochishga qaror qilgan bo‘lsa, yana biriga avtomashinalarni sozlash ustaxonasi tashkil etishda yordam berdik. Boquvchisini yo‘qotgan, nochor ahvolda yashayotgan 2 nafar yoshlarimizga 1 million so‘mdan moddiy yordam ajratdik.
Mahallada yoshlar bilan tizimli, manzilli ish yo‘lga qo‘yilgan. O‘tkazilgan so‘rovlar natijalari to‘rt sektor faoliyatining asosiy yo‘nalishiga aylandi. Ya’ni, mahalla faollaridan tortib, shahar sektor rahbarlari uchun ham dastur sifatida foydalanilmoqda.
- Mahallamizda aholini kambag‘allikdan chiqarish, xotin-qizlar va yoshlar bilan ishlash tizimi bo‘yicha ijobiy tajribalarini o‘rganish va ulardan foydalanishga alohida e’tibor qaratilyapti, - deydi mahalla raisining xotin-qizlar va ijtimoiy ma’naviyat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Gulmira Xaripova. - Shakllantirilgan mazkur ro‘yxatlar asosida ishsiz yoshlar va xotin-qizlarda motivatsiya uyg‘otib, kasbiy ko‘nikmalar shakllantirish, psixologik, huquqiy, tibbiy va moliyaviy ko‘mak berishga harakat qilyapmiz. «Yoshlar daftari»ga kirgan to‘rt nafar xotin-qizga tikuv mashinasi olib berdik. Besh nafarini esa mahallamizda faoliyat olib borayotgan tikuvchilik sexiga ishga joylashtirdik. Shuningdek, oilaviy psixolog xizmati va shahar adliya bo‘limi orqali huquqiy maslahatlar bepul tashkil qilinmoqda. Daftarlar bilan ishlashda nodavlat notijorat tashkilotlar imkoniyatlaridan samarali foydalanib kelyapmiz.
Biroq, davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarni suiiste’mol qilayotgan yoshlar ham uchrab turibdi. «Yoshlar daftari»da ro‘yxatda turgan M.Azizov oilasi bilan mahalladagi yashash uchun ajratilgan uylardan birida istiqomat qiladi. Qaramog‘ida keksa onasi, xotini va farzandi bo‘lsa-da, biror joyda ishlashni xohlamaydi.
- Uni bir necha marta «Bumaga» MChJ hamda elektr yoritkichlar ishlab chiqaruvchi sexga ishga joylab qo‘yganimizga qaramay, darrov ishdan bo‘shab ketdi, -deydi mahalla raisi. – Onasining pensiyasi va farzandiga berilayotgan moddiy yordam hisobidan yashab keladi. Sektor vakillari bilan birgalikda uyiga borib bir necha bor suhbatlashdik. Ishlashni xohlamaydi.
Yil boshidan buyon shahar hokimi va sektor rahbari mahallaga kelib, yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi va bu tadbirlarda 25 ga yaqin murojaat tushdi, shundan 12 tasi shu yerning o‘zida hal qilindi. Qo‘shimcha muddat talab qilgan murojaatlar yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Dilmurod To‘xtayev.