Rasul Hamzatov “yulduzlarni ichgan, quyoshni quchgan” shoir edi

“Guliston” jurnalida avar shoiri Rasul Hamzatovning “Mening Dog‘istonim” nomli asari chop etilgan damlar (1970 yillar)dan uni qalbimga yaqin olgan edim. Jurnalning navbatdagi sonini orziqib kutar edim. Oddiy voqealar, sodda tasvirlar, tanish manzaralar, otameros udumlar bayoni va ulardan kelib chiqadigan falsafalar hayratga solardi.
Bu asar vatanga muhabbat tuyg‘ularini kamolga yetkazar edi. Tushunarli va sevib o‘qilar edi. Avar xalqining oriyatli, jo‘mard odamlari, fidoyi, mehribon onalari ko‘z o‘ngimizda jilolanardi. Yillar o‘tgan sari Rasul Hamzatov kichkina mamlakatini, nisbatan kam sonli xalqini naqadar kuchli muhabbat bilan sevgan katta ijodkor ekanini angladim. O‘z vatanini shunday otash bo‘lib seva olgan odam haqiqiy shoir ekanini angladim. Uni izlab o‘qidim. She’rlari tufayli tiniq buloqlaridan oqqan suvlar bilan osmonni, yulduzlarni, quyoshni ichganiga guvoh bo‘ldim. Buyuk onaga, sevgilisiga iqrorlarini maza qilib o‘qidim.
O‘tgan asrning saksoninchi yillari boshida men uchun qo‘l yetmas yulduz kabi tuyulgan shoir rafiqasi bilan Samarqandga tashrif buyurdi. Chexov nomidagi rus drama teatrida xalqlar do‘stligiga bag‘ishlangan kecha bo‘lib o‘tdi. Minbarda turli yurtlardan kelgan shoir, yozuvchilar, Samarqandning obkom sekratari, adabiyotning fidoyi targ‘ibotchisi, yosh ijodkorlarning homiysi Bektosh Rahimov va Rasul Hamzatov ham savlat to‘kib o‘tirishar edi. Zal samarqandliklar bilan to‘la edi. Meni ham minbarga taklif qilishdi. Rasul Hamzatov she’r o‘qigan minbardan turib she’r o‘qish juda hayajonli edi. Ovchining qopqoniga tushgan ohu kabi yuragim dukillar, vujudim titrar edi. O‘zimni zo‘rg‘a bosdim, shoirga va xalqqa yengil ta’zim qildim. She’rimni o‘qidim. She’rim meni xijolatlik domidan qutqardi, birdan boshqa odamga aylandim. Qarsaklardan o‘zimga keldim. Qarasam, minbardagilar ham, men ixlos qo‘ygan shoir ham qarsak chalayotgan ekan. Shu payt odamlar orasidan besh yoshli, sochlari patila, atlas kuylakli (mening egnimdagi atlas bilan bir xil) qizcham Surayyo qo‘lidagi bir dasta rayhon bilan men tomonga yugurib kelayotganini ko‘rdim. Men hayajonda gulni olibmanu, bolamni bag‘rimga bosishdan uyalibman. Men qilmagan ishni Rasul shoirning rafiqasi qildi, qizchamni bag‘riga bosib, yuzlaridan o‘pdi. Qizimning qo‘liga kim gul berdi, kim sahnaga yo‘lladi, bilmay qoldim. Ammo men yana bir xato qildim: qo‘limdagi Samarqandiy rayhonlarni shoirning rafiqasiga tutqazmay, Surayyomni yetaklab, sahnadan tushib ketdim...
Shoir bilan ikkinchi uchrashuvimiz oradan 14 yil o‘tib, Pokistonda bo‘ldi. Pokiston bosh vaziri Benazir Bhutto o‘z yurtida madaniyat kunlarini o‘tkazdi. Yer yuzi bo‘yicha har bir mamlakatdan vakillar borishdi. O‘zbekistonliklar guruhida men ham bor edim. Yig‘ilishlar, ma’ruzalar, sayru sayohatlar bo‘ldi. Hammasi bir-biridan ajoyib edi. Ammo eng qizig‘i oxirgi kungi, yurtning podshosi ziyofat beradigan kechada bo‘ldi.
Katta maydon o‘tovlar bilan bezatilgan, oshxonalar ham dalaga ko‘chib chiqqan, har joyda turli taomlar hozirlangan edi. Bir joylarda gulxanlar yoqilgan, mushoiralar tashkil qilingandi. Hamma erkin sayr qilar, bu holni ko‘kda yulduzlar berilib tomosha qilardi.
Ne ko‘z bilan ko‘rayki, Rasul Hamzatov rafiqasi bilan ro‘paramda turardi. Shoshib, suyunib salomlashdim. O‘zbekistondan, Samarqanddan ekanimni aytdim. Shoir Samarqandni yaxshi xotiralar bilan esladi. Ikkovlari ham eski qadrdonini ko‘rgani kabi yelkamdan quchdilar.
Shoir menga rus tilida nashr qilingan yangi kitobini muborak dastxati bilan sovg‘a qildi. Mening qo‘limda ulug‘ shoirga hadya qilishga arzigulik kitob ham yo‘q edi... Qarzdor bo‘lib qoldim. Xuddi qizalog‘imni o‘pgan kabi, er-xotin ikkalasi mening ham peshonamdan o‘pib, odamlar orasiga singib ketishdi.
Xosiyat Bobomurodova,
shoira, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.