Rediskadan 7 million, qulupnaydan 20 million so‘m, asosiy ekinlar endi sotilyapti: 2,5 sotix hovlidan yaxshigina daromad ko‘rayotgan dehqon xonadonida
Kattaqo‘rg‘on tumani Qumoq mahallasida yashovchi Bekzod Erniyozov tomorqachilikdan kelayotgan daromad orqali ro‘zg‘or tebratyapti. Hovlisidagi qo‘lbola issiqxonada bir vaqtning o‘zida to‘rt mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Unga turmush o‘rtog‘i Gulchiroy Sherova yordam beradi.
Ayni paytda 2,5 sotixlik issiqxonamizda rediska, qulupnay, bodring, pomidor yetishtiryapmiz, - deydi B.Erniyozov. – Kech kuzda turli ko‘kat urug‘lari va qulupnay ko‘chatlarini yerga qadaymiz. Qishda ko‘katlar sotiladi. Erta bahorga qulupnay pisha boshlaydi. Masalan, avval ismaloqdan yaxshigina hosil oldik. Keyin rediska sotib, 6-7 million so‘m daromad qildik. Uning hosili hali tugamasdan qulupnayni bozorga chiqardik, hozirgacha quluplayning puli 20 million so‘mdan oshdi.
Issiqxonada qulupnayning hosili tugayapti, ammo bu yerdan mo‘may daromad olish davom etyapti.
- Bodringdan hosil olishni boshladik, - deydi dehqon. – Bu iyun oyining o‘rtalarigacha davom etadi. O‘rniga yana bodring ko‘chatlarini o‘tqazamiz. Undan kech kuzgacha hosil olinadi. Keyin yana ko‘kat va qulupnay ekishga hozirlik ko‘ramiz. Xullas, yil davomida shu issiqxonada mehnat qilamiz. Mehnatga yarasha daromad topyapmiz. Yaqinda mashina sotib oldik.
Bekzod Erniyozov mahalladagi hokim yordamchisi ko‘magi bilan imtiyozli kredit olib, kelgusida zamonaviy issiqxona qurishni niyat qilgan.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV.