Rektor talabalar huzuriga keldi
Avval xabar berganimizdek, mamlakatimiz Prezidenti joriy yilning 11 yanvar kuni viloyatimizga tashrifi davomida Bosh vazir o‘rinbosari, turizm, ta’lim, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksi rahbari Aziz Abduhakimovni «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti rektori etib tayinlagandi.
Kecha Samarqand shahridagi Yoshlar markazida yangi tayinlangan rektor bilan universitet talabalari hamda professor-o‘qituvchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
- Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur universitet zimmasiga turizmni rivojlantirish bo‘yicha dolzarb vazifalar yuklatilgan, - dedi A.Abduhakimov. – Avvalo, oliygohda dars berayotgan professor-o‘qituvchilar nufuzi, bu yerda tayyorlanayotgan mutaxassislar saviyasi xalqaro degan maqomga to‘liq javob berishi lozim. Universitet uchun qurilayotgan bino, jihoz, axborot-kommunikatsion tizim ham shunga muvofiq bo‘lsin. Oliygoh rahbariyati 20 ga yaqin xorijiy sayyohlik ilmiy muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Bunday munosabatlar hisobot uchungina emas, real iqtisodiyotimizni ta’minlovchi yurtimizdagi mavjud ziyorat turizmi, tog‘ turizmi, ma’naviy-ma’rifiy turizm, ekoturizm, etnoturizm taraqqiyotiga xizmat qilsin. Jahon turizmini o‘qitishning eng so‘nggi ta’lim uslublari hali bizda joriy etilmagan. Buning uchun o‘qituvchilarimizning o‘zi xalqaro talablarga javob bermayapti. Oddiy misol, mehmonxona menejeri biznesini puxta o‘zlashtirgan mutaxassislar yetishmayotgan bir paytda, mehmonxonalar mutasaddilarining barchasi ham amaliyot o‘tash uchun borgan talabalarni quchoq ochib kutib olmayapti. Bu borada xorijiy tajribalarni o‘rganish juda muhim. Universitet talabalarining xorijiy mamlakatlarda amaliyot o‘tashi uchun ajratilgan 30 foizlik kvota kamlik qiladi. Kerak bo‘lsa, hammasi dunyo ko‘rsin. Hatto, turizm rivojlangan mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan elchixonalarimiz mutasaddilarini ham ta’lim jarayonlariga jalb etamiz.
Ochiq muloqot tarzidan o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimizda turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar muhokama etildi.
- Universitetimiz o‘quv jarayonlariga Indoneziya, Ispaniya, Rossiya, Xitoy, Fransiya, Malayziyaning turizmga ixtisoslashtirilgan nufuzli oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari jalb qilingan, - deydi universitetning turizm sohasida marketing yo‘nalishi talabasi I.To‘ychiyev. – Ular o‘tayotgan dars mashg‘ulotlari kursi hafta yoki bir oyga mo‘ljallangan bo‘lib, turizm sohasida boshlang‘ich bilimlar dasturi deyarli hammasida bir xil. Shuning uchun xorijlik mutaxassislar tomonidan uyushtiriladigan mashg‘ulot darslarini kamida olti oy qilib belgilash va o‘rgatilayotgan mavzular ko‘lamini kengaytirish maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz. Bundan tashqari, iqtidorli talabalarga turizm sohasida o‘tkazilayotgan xalqaro anjumanlar, forumlarda, ko‘rgazmalarda qatnashish, o‘zining innovatsion loyihalarini taqdim etish huquqi berilsa.
Uchrashuv davomida ishtirokchilarning mamlakatimiz turizm salohiyati, kadrlar sifatini yaxshilash borasidagi o‘nlab fikrlari tinglandi. Bildirilgan takliflar yuzasidan tegishli tashkilotlar mutasaddilariga topshiriqlar berildi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov ishtirok etdi.
Abdug‘ofur SHERXOLOV.