Respublika bo‘yicha Samarqanddan 3 ta OTM bitiruvchilari ishga joylashish bo‘yicha TOP-20 talik reytingdan joy oldi

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi respublikamiz bo‘yicha eng ko‘p bitiruvchisi ochiq tanlov asosida davlat xizmatiga qabul qilingan oliy ta’lim muassasalarilarning TOP-20 taligini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunga qadar vakant lavozimlar yagona ochiq portaliga 78 ta vazirlik va idora, 208 ta tuman (shahar) hokimliklari ulangan bo‘lib, mavjud vakant lavozimlariga 103 406 marotaba tanlov e’lon qilingan. Tanlovlarda 1,2 mln. nomzod ishtirok etgan bo‘lsa (bir o‘ringa o‘rtacha 12-13 nafar nomzod), ulardan 45 mingga yaqini davlat xizmatiga qabul qilingan. Ishga qabul qilinganlarning 18 272 nafari (43 foiz) 150 ta oliy ta’lim muassasasining oxirgi 5 yillik bitiruvchilari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, eng ko‘p bitiruvchisi ochiq tanlov asosida ishga qabul qilingan oliy ta’lim muassasasi “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetidir. Keyingi besh yilda bu oliygohni bitirgan 840 nafar yoshlar davlat xizmati turlari bo‘yicha ishga joylashgan.

Quvonarlisi, TOP-20 talikning ikkinchi pog‘onasini Samarqand davlat veterinariya, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti egalladi. Ushbu oliygohni bitirgan 746 nafar yosh mutaxassislar o‘z kasbi yo‘nalishlari bo‘yicha ochiq tanlov asosida davlat xizmati ish o‘rinlariga ega bo‘lgan.

Shuningdek, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti (16-o‘rin, 365 nafar) va Samarqand davlat universiteti (19-o‘rin, 309 nafar) eng ko‘p bitiruvchisi ochiq tanlov asosida ishga qabul qilingan OTMlar TOP-20 taligidan joy olgan.

Bundan tashqari, o‘tkazilgan tanlovlarning test sinovi bosqichida ishtirok etib, yetarli ball to‘play olmagan 73 997 nafar nomzodning 31 777 nafari (43 foiz) OTMlarni oxirgi 5 yilda tamomlagan bitiruvchilar ekanligi ma’lum qilingan.