Respublikamizning tajribali shifokorlari bemorlarning uylariga borib, salomatligini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining yetakchi mutaxassislaridan iborat Respublika ishchi guruhlari tomonidan Samarqand viloyatining shahar va tumanlaridagi barcha tibbiyot muassasalarining faoliyati tahlil etildi.
O‘rganishlar davomida ishchi guruh a’zolari tibbiyot xodimlari va bemorlar bilan suhbatlashdi, to‘shakda yotib qolgan bemorlar xonadonlarida bo‘lib, ular bilan muloqot qildi va amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Ular yordamida bir kunda 400 nafarga yaqin bemorlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Jumladan, Oliy Majlis deputati J.Otajonov boshchiligidagi ishchi guruh Kattaqo‘rg‘on shahar ko‘p tarmoqli poliklinikasida bo‘lib, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordami sifati va samaradorligi, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasi, kadrlar ta’minoti, sanitariya-epidemiologik barqarorlikni ta’minlash masalalarini o‘rgandi. Ishchi guruh a’zolari Navbahor mahallasida bo‘lib, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va tibbiy madaniyatini targ‘ib qilish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali shifokorlari 14 nafar, respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiya markazi shifokorlari 23 nafar, Samarqand davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari 10 nafar bemor bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. To‘shakda yotib qolgan bemorlarning uylariga borib, ular ahvolidan xabar oldi va ularni sog‘lomlashtirish rejasi tuzildi.
***
Toyloq tumanida esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati To‘lqinjon Karimov boshchiligida respublika ixtisoslashtirilgan terapiya markazi va Samarqand davlat tibbiyot institutining malakali shifokorlari bemorlarning holidan xabar olishdi. Ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.
- Bir necha yillardan beri bo‘yin umurtqasining 5-6 pog‘onasi shikastlanishi oqibatida to‘shakka yotib qolganman? - deydi «Madaniyat» mahallasida istiqomat qiluvchi I guruh nogironi D.Hamidov. – Malakali shifokorlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida davolanishim uchun imtiyozli yo‘llanma berishdi. Sog‘ligim tiklanishida amaliy yordam ko‘rsatayotgan tashkilotchilardan minnatdorman.
Dilmurod TO‘XTAYЕV.