Rossiya Prezidenti V.Putinga jinoiy ish ochgan prokuror «O‘zbeklar ishi»ning “qahramonlari”ni ham fosh qilgan

Vladimir Ilyuxin 1949 yil 1 mart kuni Rossiya Federatsiyasi Penza viloyatining Kuznetsk tumani, Sosnovka qishlog‘ida tug‘ilgan. 1971 yilda Saratovsk yuridik institutini tamomlagan.

U mehnat faoliyatini Kuznetsk o‘rmon xo‘jaligida yuk tashuvchi sifatida boshlagan. Institutdagi ta’lim bilan bir vaqtda Penza viloyati ichki ishlar bo‘limida tergovchi bo‘lib ishlagan. Keyinchalik Penza viloyati prokuraturasi tergov bo‘limi rahbari o‘rinbosari, bo‘lim boshlig‘i, Penza viloyati prokurori o‘rinbosari lavozimlariga ko‘tarilgan.

Xizmatdagi to‘g‘riligi, adolatliligi va muhimi, qonunbuzarlarga nisbatan murosasizligi tufayli sobiq ittifoq Bosh prokuraturasiga ishga olingan. Bu yerda tergov bosh boshqarmasi rahbari o‘rinbosari lavozimida mamlakatning “qaynoq” nuqtalarida faoliyat yuritgan. Armaniston, Ozarbayjon va Gruziyadagi voqealari yuzasidan olib borilgan tergov harakatlarida maxsus guruhga rahbarlik qilgan.

1989 yil avgust oyida Ilyuxin davlat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunlarning ijro etilishi nazorati boshqarmasi rahbari va SSSR Bosh prokurorining katta yordamchisi lavozimlariga tayinlandi. U bilan aynan shu davrda tanishganmiz. Chunki meni bosh prokuror o‘rinbosari Abramov ittifoq bosh prokuraturasiga chaqirtirgandi.

Ilyuxin rahbarliq qilgan tergov guruhida Gdlyan-Ivanov tergov guruhining O‘zbekistondagi faoliyatini o‘rganib, “noqonuniy tergov harakatlarini olib borish” aybi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilishiga erishganmiz.

“Ushbu ikki insonni olomon buyuk jabrdiydalar qatoriga qo‘shib qo‘ydi. Biroq ular jabrdiyda emas, buyuk qonunbuzuvchilar”, degandi Ilyuxin. Biroq ish hech qanday natijasiz tugadi. Aksariyat hollarda bunday katta kurashda yengilgan kishi “qo‘lini yuvib, qo‘ltig‘iga uradi”, ya’ni hammasiga qo‘l siltab, bir chetga o‘tib ketadi. Ammo Ilyuxin aksincha ish tutdi. U SSSR bosh prokuraturasining sobiq tergovchilari Gdlyan va Ivanovning yurtimizdagi qonunsiz ishlari to‘g‘risida aniq dalillarga asoslangan kitobni nashr ettirdi.

Jinoyat huquqida jabrdiydani oqlash bilan protsess yakunlanmaydi. Jinoyatchi topilishi, e’lon qilinishi va sud qilinishi lozim.

Shu bois Ilyuxin “O‘zbeklar ishi”ning asosiy “qahramon”larini jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha hamkorlik qilish, amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha bir necha marta yurtimiz mutasaddilari bilan uchrashdi. Afsuski, 1993 yillardagi prokuratura tizimi rahbarlari Sharof Rashidov vafotidan keyin yurtimizda qirg‘inbarot o‘tkazgan kishilarni jazolash choralarini paysalga soldi.

Ilyuxinning haqiqatparastligi shundaki, u hech qachon shaxsiy manfaat uchun kurashmagan. Bunga 1991 yil 4 noyabr kuni Mixail Gorbachyov ustidan RSFSR JKning 64-moddasiga (Vatan xoini) asosan jinoiy ish qo‘zg‘atganini misol qilib keltirish mumkin. To‘g‘ri, oradan ikki kun o‘tib, Ilyuxin SSSR prokuraturasida egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. Prokuraturadan ishdan ketganidan so‘ng “Pravda” gazetasining huquq bo‘limi boshlig‘i vazifasida faoliyat olib bordi.

1993 yil Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi deputati etib saylandi. 1994 yil yanvar oyida Davlat dumasining xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisligiga saylandi. 2003 yilgacha Davlat dumasiga to‘rt marta deputatlikka saylangan Ilyuxin BMT qo‘mitalariga mutaxassis sifatida jalb qilingan.

Ilyuxin Rossiya hukumatining ichki va tashqi siyosati masalalari to‘g‘risidagi ko‘plab maqolalar muallifi. 2010 yilda Yelsin davrida tarixiy hujjatlarning ommaviy qalbakilashtirilgani to‘g‘risidagi sensatsion ma’lumotlar bilan chiqish qilgan. 2011 yil 10 fevral kuni Umumrossiya ofitserlar kengashi harbiy tribunalida bosh ayblovchi sifatida ishtirok etgan.

Tribunal qaroriga ko‘ra, “Vladimir Putin o‘zining prezidentlik faoliyati davomida vatan xoini alomatlari sezilgan bir qator faoliyatlarni amalga oshirgan”.

2011 yil 19 mart kuni Viktor Ivanovich Ilyuxin o‘zining Kratovo qishlog‘idagi dala hovlisida, tez yordam yetib kelguniga qadar vafot etdi.

U bir qator kitoblar muallifi, yuridik fanlari doktori, professor, Xalqaro slavyan fanlari akademiyasi muxbir a’zosi, Axborot texnologiyalari xalqaro akademiyasi a’zosi edi. 2009 yilda Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan yurist unvoni bilan taqdirlangan.

Ismatilla YO‘LDOShEV,

prokuratura faxriysi.