Rossiya Qurilish vazirligi qurilish ob’yektlarida ishlarni migrantlarsiz eplashi mumkinligini aytdi. Aslida-chi?
Qurilish vazirligi rahbari Irek Fayzullin Rossiyaning istalgan mintaqasi qurilish ob’yektlarida migrantlarsiz ishlashga tayyorligini ma’lum qildi. Ammo buning uchun avvalo, sohada kadrlar tayyorlashga e’tibor qaratish kerak, dedi u RIA Novostiga.
“Albatta, minrantlarsiz har bir viloyat ishlay oladi. Ammo bunga yaxshi tayyorgarlik ko‘rish, kadrlar tayyorlash kerak. Va, faqat mutlaqo tayyor holda o‘z kuchi bilan ish boshlashga kirishsa bo‘ladi», dedi vazir.
Fayzullinning so‘zlariga ko‘ra, migrantlar sonini qisqartirish bir kunlik ish emas. Chunki bu mehnat unumdorligining oshishi va kadrlar tayyorlash sifatiga bog‘liq.
Vaholanki, noyabr boshida Moskva meri Sergey Sobyanin aslida yirik kommunal xizmatlarda muhojirlar deyarli mavjud bo‘lmasa-da, poytaxtdagi tuman kommunal xizmatlari korxonalarida ularning sonini kamaytirishga qaratilgan zaxira borligini aytgan edi. “Ular davlat byudjet tashkilotlarida – qora mehnat va kam haq to‘lanadigan joylarda qolgan, xolos. Ammo u yerda ham menimcha, zaxiraga o‘rin bor", deya ta’kidladi Sobyanin.
Rossiyada ishchi kuchi tanqisligi - muammo
Rossiya hukumati 2021 yilda migratsiyaning o‘sish sur’ati prognozini deyarli ikki baravarga oshirdi – 14,3 dan 27,3 gacha. Shunday qilib, Rossiyadagi xorijliklar soni 398 ming kishiga ko‘payishi mumkin. Bu so‘nggi 25 yildagi rekord ko‘rsatkichdir. Buni 2024 va 2030 yilgacha bo‘lgan davr uchun milliy rivojlanish maqsadlariga erishishning yagona rejasi ma’lumotlari asosida “Izvestiya” tomonidan tayyorlangan hisob-kitoblar tasdiqlaydi.
Shu bilan birga, minrantlarning real o‘sishi prognozdagidan past bo‘ladi, deydi ekspertlar. “O‘ylaymanki, agar dekabrda kelganlar soni keskin o‘smasa, migratsiya o‘sishi 300 ming atrofida qoladi”, dedi Oliy Iqtisodiyot maktabi qoshidagi Demografiya instituti yetakchi ilmiy xodimi Nikita Mkrtchyan.
Uning fikricha, 2020 yilning past ko‘rsatkichi harakatlanish cheklovlari bilan bog‘liq bo‘lsa, 2021 yilga kelib chegaralar ochilishi hisobiga o‘rtacha kompensatsion o‘sish kuzatildi. Tojikiston va O‘zbekistondan migratsiya oqimi qisman tiklangan bo‘lsa-da, kuzda kutilgan keskin o‘sish bo‘lmadi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, Rossiyada ishchi kuchi tanqisligi hali ham muammoligicha qolmoqda.
Shunday qilib, respublika Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning 2,5 millionga yaqin fuqarosi mehnat migratsiyasida. Shulardan qariyb 2 millioni Rossiyada mehnat qilmoqda.