Rossiya TIV zudlik bilan Qorabog‘dan xorijiy jangarilarni olib chiqishga chaqirdi

Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Oleg Simolotov 23 oktyabr kuni Armanistonning Moskvadagi favqulodda va muxtor elchisi Vardan Toganyan bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qildi va ziddiyat hududidan Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlaridan olib kelingan jangarilarni olib chiqish zarurligiga alohida to‘xtaldi. Bu haqda Rossiya TIV taqdim etgan ma’lumotga tayanib, RIA Novosti xabar berdi.

“23 oktyabr kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Oleg Siromolotov va Armaniston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi Vadan Toganyan o‘rtasida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.  Tomonlar Tog‘li Qorabog‘ ziddiyat hududida davom etayotgan jangovar harakatlar to‘g‘risida fikr almashdi”, deyilgan RF TIV xabarida.

“Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaning bir qator mamlakatlarida tashkil etilgan noqonuniy qurolli tuzilmalar jangarilarining mintaqaga olib kirilishi mumkin emasligi va ularni zudlik bilan olib chiqib ketish zarurligi alohida ta’kidlandi”, deb ta’kidlangan xabarda.