Rossiya Ukraina chegarasidagi qo‘shinlarining bir qismini qaytargani aytilmoqda
Rossiya mudofaa vazirligiga tarqatgan xabarga ko‘ra, rus qo‘shinlarining bir qismi Belorussiya bilan "Ittifoq qat’iyati-2022" qo‘shma mashg‘ulotlaridan so‘ng doimiy joylashuviga qaytmoqda.
"Janubiy va G‘arbiy harbiy okrug bo‘linmalari o‘z vazifalarini bajarib, bugundan o‘z harbiy garnizonlariga qaytishni boshlash uchun temir yo‘l va avtomobil transportiga yuklana boshlashdi. Alohida bo‘linmalar harbiy kolonnalar tarkibida mustaqil yurishadi", - deyiladi xabarda.
Bugun Rossiya harbiy departamenti temir yo‘l platformalariga texnikaning bir qismini yuklash ishlari tasvirlangan videolarni namoyish etdi. Videoda tanklar, piyoda askarlarning jangovar mashinalari va o‘ziyurar artilleriya moslamalari, shuningdek modernizatsiya qilingan T-72B3 kolonnasi harakati aks etgan kadrlar ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, ba’zi harbiy bo‘linmalar hali ham Belorussiya hududida qolmoqda. Mazkur holatni hali ham mashg‘ulotlarning bir qismi davom etayotgani bilan izohlashgan. Ma’lum qilinishicha, mashg‘ulotlar 20 fevralgacha davom etadi.
Rossiya va Belarus vakillari manevrlar mudofaa xarakteriga ega va hech kimga tahdid solmasligini bir necha bor ta’kidlagan.
Ammo hali ham qator davlatlar, jumladan G‘arb matbuoti Rossiyaning Ukraina chegarasidan armiyasini olib ketmoqchi ekaniga ishonmayapti. Ularning fikricha Putin bari bir Ukrainaga hujum qiladi. Jumladan, "The Sun" nashri bu hujum 16 fevralga o‘tar kechasi, soat 01⁰⁰da boshlanishi haqda yozmoqda.