Rossiyada koronavirusga qarshi vaksinani ommaviy ishlab chiqarish muddati ma’lum qilindi

Rossiya ommaviy ravishda vaksina ishlab chiqarishni kamida 6 oydan so‘ng boshlaydi. Bu haqda Moskva fizika-texnika institutining genom injeneriyasi laboratoriyasi (MFTI) rahbari Pavel Volchkov RIA Novosti nashriga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, maxsulotni barcha standartlar asosida ishlab chiqarish uchun taxminan bir yil vaqt kerak bo‘ladi. Bu masalada ishlab chiqarishni yo‘lga quyish va tashkiliy ishlarni amalga oshirish eng og‘ir jarayon bo‘ladi. Ehtimol, qo‘shimcha quvvat va infratuzilma barpo etish zarur bo‘lishi mumkin.

“Agar tezkorlik talab etilsa, ba’zi talablarga ko‘z yumiladi. Ammo shunda ham kamida 6 oy kerak bo‘ladi”, dedi u.

Shu bilan birga, MFTI rahbarining fikriga ko‘ra, mamlakatda har bir odamni vaksinatsiyadan o‘tkazish shart bo‘lmaydi. Sababi, aholi orasida tabiiy ommaviy immunitet shakllana boshlagan.