Rossiyada “O‘zbek kinosi kunlari” boshlandi

1-5 oktyabr kunlari Rossiyaning Moskva va Qozon shaharlarida “O‘zbek kinosi kunlari” bo‘lib o‘tadi. Kecha O‘zbekistondan borgan 34 nafar delegatsiyamiz vakillari Moskvada ijodiy namoyishlarini boshladi. Tadbirlarga Rossiyada istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik kinoijodkorlar tashrif buyurdi.

“O‘zbekkino” milliy agentligi, Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirligi va mamlakatimizning Moskva shahridagi elchixonasi tomonidan o‘tkazilayotgan ushbu tadbirlar jarayonida o‘zbek filmlari taqdimotlaridan tashqari, kino san’ati sohasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan uchrashuvlar, davra suhbatlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

-   Kino kunlari doirasida O‘zbekiston va Rossiyaning yirik kinokompaniyalari o‘rtasida qo‘shma kino loyihalarini tashkil etish bo‘yicha qator memorandumlar imzolashni rejalashtirmoqdamiz, – deydi “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov. – Shuningdek, turli yillarda yaratilgan va ayni paytda Rossiyaning “Gosfilm” fondida saqlanayotgan o‘zbek filmlarini qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib boriladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidagi bir guruh yoshlar kino mutaxassislari uchun “VGIK”, “Mosfilm” kinostudiyasi hamda Rossiyaning ko‘zga ko‘ringan kino ustalari ishtirokida mahorat saboqlari va treninglar o‘tkaziladi.

“O‘zbek filmlari haftaligi” tadbirlari doirasida rossiyalik kino tomoshabinlar va o‘zbek diasporasi vakillariga yangi o‘zbek kinolarini tomosha qilish, film ijodkorlari - Rajab Adashev, Matyoqub Matjonov, Fotih Jalolov, Karim Mirxodiyev, Adiz Rajabov, Xusan Rashidov, Feruza Saidovalar bilan suhbatlashish imkoni yaratiladi.

"O‘zbekkino" milliy agentligi axborot xizmati.