Rossiyada O‘zbekiston fuqarolarining maoshlari berilmayotgani va yotoqxonadan majburiy chiqarib yuborilayotgani holati nazoratga olindi
Mamlakatimizning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasi va O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi xodimlari O‘zbekiston fuqarolarining maoshlari berilmayotgani va yotoqxonadan majburiy chiqarib yuborilayotgani to‘g‘risida 2019 yilning 3 dekabr kuni OAVda tarqalgan murojaatini Kolpino shahriga borib tekshirishdi.
Hamyurtlarimiz va «ICA Construction» kompaniyasining mas’ul xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yurtdoshlarimizning manfaatlarini himoya qilish hamda mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Vaziyat Bosh konsulxona nazoratida, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi.
Konsullik huquqiy departamenti eslatib o‘tadiki, Rossiyaning Shimoli-g‘arbiy federal okrugi (Arxangelsk viloyati, Kaliningrad viloyati, Kareliya Respublikasi, Komi Respublikasi, Leningrad viloyati, Murmansk viloyati, Nenets avtonom okrugi, Novgorod viloyati, Pskov viloyati, Sankt-Peterburg shahri, Vologoda viloyati) hududida joylashgan fuqarolarimiz zarur vaziyatlarda mamlakatimizning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-965-029-41-49.