Ruslan Sharipov ijodini Jomboydan boshlagan edi

O‘tgan asrning 80 yillarida o‘zbek estrada san’ati ancha rivojlandi. Toshkentda “Yalla” guruhi, Samarqandda Nasiba Abdullayevaning musiqiy jamoasi el og‘ziga tushdi. Ularga havas qilib, jomboylik yoshlar “Sug‘diyona” guruhini tashkil etishadi. Ruslan Sharipov guruhning bastakori va yakkaxon xonandasi edi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ruslan Sharipovning vafoti milliy san’atimiz uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Xalq artistlari va taniqli xonandalar bilan o‘lmas asarlar yaratgan ijodkor xalqimiz qalbidan munosib joy olgandi.

Unda san’atga havas juda erta shakllangan. Jomboylik do‘stlarining aytishicha, qo‘shiq kuylash uchun har kuni Samarqand shahridan yo‘l bosib kelar ekan.

Mahallamizda 2507¬ avtokarvon bo‘lar edi. Tashkilot rahbari Grigoriy Nizkoxat haydovchilarning madaniy hordiq olishi uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan. Alohida konsert zali quriladi. Cholg‘u asboblari sotib olinadi. Bundan ruhlangan yoshlar birlashib, estrada guruhini tuzishadi. Ruslan aka 1985¬-1988 yillarda “Sug‘diyona”ga qo‘shilgan. U guruhning eng yosh a’zosi bo‘lgani ham e’tiborga molik.

Men ijodkorni ustoz sifatida qadrlayman. Birgalikda uch-¬to‘rtta qo‘shiq ham yozdik. “Paxta zavod” shaharchasini eslaysizmi? “Sug‘diyona” guruhi... deyishim bilan quvonib ketardi. Shokir, Idris, Ravil, Ibrohim, deb hamma do‘stlarini sanab chiqqani esimda.

Guruh a’zolari tatar millatiga mansub yigitlar edi. Ular 2005 yilda Rossiya va Qrimga ko‘chib ketishdi. Hozir telefon, internet orqali suhbatlashib turamiz. Do‘stining vafoti ular uchun ham og‘ir judolik bo‘ldi.

“Sug‘diyona” guruhi Toshkentda ham shuhrat qozonishi mumkin edi. Chunki Ruslan Sharipov poytaxtda ijod qilish taklifini do‘stlariga juda ko‘p aytgan. Ammo ularning fikri bir joydan chiqmaydi. Taklifi rad etilgach, yosh bastakor “Bayt” guruhini tuzadi. Keyin “Setora”, “Bolalar” guruhi tashkil qilinadi.

Ko‘pchilik uni rusiyzabon, deb bilishar ekan. Aslida unday emas. Bastakor bilan qo‘shiq ishlagan san’atkorlar aytishi mumkin. O‘zbek tilini undan o‘rgansa, arziydi. Shevamizda “o”lashish jarayoni kuchli. Ko‘shiq kuylash payti “azob” so‘zidagi “a” tovushini “o” tarzida aytib yuborardim. Ruslan aka darrov sezardi. Ovoz yozishni to‘xtatib, talaffuzim ustida ishlardi. To‘g‘ri aytishni talab qilardi.

Samarqand, Buxoro, Xorazmga ijodiy safar qilsa, Jomboyda to‘xtab o‘tish odati bor edi.

Avval telefon qilib, ko‘chaga chiqishimni tayinlaydi. Ba’zan shunchaki, hol¬ahvol so‘rab o‘tadi. Bu ijodiga doyalik qilgan joyni boshqacha qadrlaganidan bo‘lsa kerak.

Mustaqillikdan keyin o‘zbek musiqa madaniyati qanchalik rivojlandi? Bunga san’atshunoslar baho bergani ma’qul. Bizningcha, milliy estradaning o‘ttiz yilligi sarhisob qilinsa, Ruslan Sharipov nomi ham yuzaga chiqadi. “Bolalar”, “Setora”, “Xo‘ja”, “Shahzod”... Bu nomlar alohida maktab yarata olgan ijodkor – Ruslan Sharipov siymosi, uning xizmatlariga baho berish uchun yetarlidir.

Furqat BAHRONOV,

Dehqonobod mahallasi.