Rustam Qobilov, Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari: Shifokorlar orasida onasining janozasiga borolmaganlari bor
Nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo sinovli kunlarni boshidan kechirmoqda. Bu kunlarda har bir mamlakat kasallik bilan kurashish bo‘yicha o‘z strategiyasini ishlab chiqdi, chora-tadbirlar belgiladi. Mamlakatimizda virusga qarshi sa’y-harakatlar u hali kirib kelmasidanoq boshlangan edi.
Samarqandda ham respublika miqyosida amalga oshirilayotgan ishlarning barchasi tizimli tarzda yo‘lga qo‘yildi. Karantin hududlarini belgilashdan tortib, unga olinganlarga xizmat ko‘rsatish, tibbiy yordam va boshqa barcha jihatlar viloyat hokimining nazorati ostida, aniq tartib bilan amalga oshirildi. Yurtdoshlarimizning bu baloni yengib o‘tishda birdamlik, hamjihatlik bilan harakat qilgani ko‘ngilga taskin beradi. Koronavirusga chalingan bemorlarga yordam ko‘rsatish, karantinga olinganlar ahvolidan xabardor bo‘lish kabi ishlarda minglab samarqandliklar o‘z vazifasini astoydil amalga oshirdi. Ayniqsa, bu qiyin damlarda shifokorlarning xizmatini alohida ta’kidlash lozim.
Xabaringiz bor, karantindagi aholiga, virusga chalingan bemorlarga qarovchi shifokorlar o‘sha hududdan chiqishi mumkin emas. 14 kun ish faoliyat olib borsa, yana 14 kun o‘z xafvsizligi nuqtai nazaridan alohida hududda yashashi kerak. Shunday paytlari oilasida qanday vaziyat bo‘lmasin, u yerdan chiqolmagan mutaxassislarni ko‘rdim. Ish jarayonida bo‘lgan bir shifokorning onasi vafot etdi, u onasining janozasida qatnasha olmadi. Buni aytish oson, lekin o‘sha shifokorning ahvolini hammamiz tasavvur qilib ko‘rishimiz kerak. Yana o‘nlab shunday holatlar, vaziyatlar borki, kishining ko‘nglini ezadi. Quvonarli tomoni shundaki, mutaxassislar bu vaziyatda bosiqlik bilan ish ko‘rishdi, o‘zgalarning salomatligiga mas’ullikning yuqori cho‘qqisini namoyon qilishdi. Laboratoriyalarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlayotgan mutaxassislar va boshqa tibbiyot xodimlari ham, avvalo, o‘z vazifasini astoydil amalga oshirdilar. Bunday vaziyatda xususiy klinikalarning ham qarab turmagani, yordamga shoshilganini qadrlaymiz, albatta.
Ushbu tahlikali kunlarda ichki ishlar, milliy gvardiya xodimlari, harbiylarning xizmati ham alohida tahsinga loyiq.
Bugun har birimiz bu insonlarning xizmatini chuqur his etgan holda o‘z sog‘ligimizni avaylashimiz, qoidalarga qat’iy amal qilishimiz zarur.