Sakkiz soatda 300 nafarga yaqin fuqaroning murojaati, muammosi, dardi eshitildi, hal etish choralari ko‘rildi
Avval xabar berganimizdek, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Samarqand pedagogika va xizmat ko‘rsatish kollejida fuqarolar uchun sayyor qabul o‘tkazdi. Qabul davomida hokimga 300 ga yaqin fuqaro o‘z muammolari bilan murojaat qildi.
Ochig‘i, murojaatlarning aksariyatini uy-joy olish, shuningdek, uylarning oldi-sotdi, kadastr masalasi tashkil etdi. Hokim sayyor qabul davomida ko‘pchilik murojaatchilarga javob bo‘ladigan bir fikrni bot-bot takrorladi:
- Tan olamiz, uy-joyga muhtojlar ko‘p, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar orasida. Ammo qonun-qoida bitta. Voyaga yetgan va qo‘lidan ish keladigan farzandlari bor, II guruh nogironi bo‘lgan fuqarolarga uy-joy berilmaydi. Qonunchilik talablariga ko‘ra, uy-joylar turar joyi yo‘q, ijarada yoki yashash uchun yaroqsiz uyda, boshqa oila bilan bitta xonadonda yashaydigan, ko‘p bolali, og‘ir kasallikka chalingan bolasini parvarishlayotgan xotin-qizlarga imtiyoz bilan beriladi. Shu bilan birga, o‘zi kasalligi bois alohida xonada yashashga ehtiyojmand va I guruh nogironi bo‘lgan yolg‘iz ayollar bunday imtiyozga ega bo‘ladi.
Shuningdek, sayyor qabul davomida aholi tomonidan yo‘llarni ta’mirlash, elektr energiyasi, ichimlik suvi, gaz ta’minotidagi muammolar, kommunal sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, tadbirkorlik qilishga ko‘mak berish kabi masalalar yuzasidan murojaatlar tushdi.
- Shu yilning fevral oyida tadbirkor mahalladoshlarimdan biri hududimizda bolalar bog‘chasi tashkil etish uchun tasarrufimdagi ko‘chmas mulkni bankdan kredit olish uchun yaqin muddatda qaytarish sharti bilan garovga so‘radi, - deydi oqdaryolik Rahmatulla Ko‘bayev. – Ezgu ishga qo‘l urganidan xursand bo‘lib rozi bo‘ldim. U tez orada bankdan kredit oldi va faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Ammo necha marta so‘rasam-da, ko‘chmas mulkni qaytarmadi. Bilsam, u bankdan kreditni 15 yilga olibdi va shartnomaga ko‘ra, ko‘chmas mulk shuncha muddatdan keyin qaytarilar ekan. Xullas, muammo chigallashib, tadbirkorning o‘zidan ham, mutasaddi idoralar rahbarlaridan ham aytarli javob ololmadim. Shuning uchun bugun viloyat hokimiga uchrashdim, masala tez kunda hal etiladigan bo‘ldi.
Sayyor qabulda viloyat hokimi R.Ko‘bayev kabi har bir fuqaroning murojaatiga alohida e’tibor qaratdi, odamlar dardini tingladi, o‘rtaga tashlangan masalalarni o‘z o‘rnida, qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan muammolarni esa qisqa fursatlarda hal etish choralarini ko‘rdi. Mutasaddi rahbarlarga aniq muddatni belgilagan holda qat’iy vazifa va topshiriqlar berdi.
Akram HAYDAROV.