“SAM-ANTEP-GILAM” korxonasiga 1 milliard 427 million so‘mlik QQS qaytarib berildi
Dunyoda kuzatilayotgan COVID-19 pandemiyasi sababli yuzaga kelgan karantin sharoitida eksport qiluvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bugun respublikamiz Hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan inqirozga qarshi choralarning biridir.
Ayni maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tovarlar eksportiga qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasini qo‘llash natijasida hosil bo‘lgan soliq summasini tadbirkorlik sub’yektlariga qisqa vaqt ichida qaytarish yo‘lga qo‘yildi.
Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan “SAM-ANTEP-GILAM” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2020 yil yanvar-fevral oylarida 1,8 million AQSh dollari miqdorida mahsulot eksport qilganligi natijasida QQS bo‘yicha ortiqcha 2,4 milliard so‘m to‘lov hosil bo‘lgan.
Soliq kodeksinig 21-moddasi talablariga asosan mahsulot ishlab chiqarish jarayonida to‘lab berilgan QQS korxonaning amalga oshirilgan eksportiga proporsional tarzda aprel oyida 1,4 milliard so‘mlik QQS solig‘i qaytarib berildi.
– Sinovli kunlarda hukumatimiz tomonidan tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanmoqda, – deydi “SAM-ANTEP-GILAM” MChJ rahbari Kamol Abdullayev. – Biz, tadbirkorlar yaratilgan bunday imkoniyatlardan foydalanib, biznesimizni yanada rivojlantiryapmiz. Shuningdek, bu sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga ham zamin yaratmoqda. Tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor pirovardida iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, ishlab chiqarish sur’atlarini oshirish imkonini beradi. Ushbu jarayonda faol bo‘lib, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shamiz.
Davlat soliq qo‘mitasi mutaxasislari tomonidan Samarqand viloyati bo‘yicha 29 ta holatda taqdim etilgan arizalar to‘liq ko‘rib chiqildi. Shundan 22 ta holatda qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasini qo‘llash natijasida hosil bo‘lgan 13,9 milliard so‘m korxonalarning hisob raqamiga qaytarildi. 7 ta holatda esa asoslanmaganligi va xato-kamchiliklar sababli hujjatlar korxonaga qaytarilgan.
Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda soliq tizimida amalga oshirilgan islohotlar natijasida davlat soliq xizmati organlari faoliyati tubdan o‘zgardi. Soliq xizmati insofli soliq to‘lovchilarning ishonchli hamkoriga aylandi. Ayniqsa, bugungi murakkab karantin davrida bu qanchalik ahamiyatli ekanligini har bir halol soliq to‘lovchi dildan his etmoqda.
Davron RAVShANOV,
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati rahbari.