“Samarqand” avtoshohbekatida boshlangan janjal o‘lim bilan yakun topdi
Joriy yilning 31 mayidan 1 iyunga o‘tar kechasi soat 23:30 da fuqaro 27 yoshli D.R. Narpay tumani Sarbozor mahallasida joylashgan “Mirbozor” savdo bozorining oldidagi “Samarqand” avtoshohbekatida Navoiy viloyatidan kelayotgan pochtani kutayotgan vaqtida 47 yoshli Sh.U. o‘zining boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtomashinasida kelib, fuqaro D.R.ning o‘ng yelkasidan turtib o‘tishi natijasida yuzaga kelgan janjalda fuqaro D.R. qo‘li bilan haydovchi Sh.U.ning yuziga bir marotaba urgan vaqtida Sh.U. yerdagi toshga yiqilib tan jarohati olgan.
Sh.U. olgan tan jarohatlari bilan Narpay tumani tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
Holat bo‘yicha Narpay tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan D.R.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
2020 yilning 2 iyun kuni soat 11:30 da Sh.U. ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, tuman tibbiyot birlashmasida vafot etgan.
Shu sababli jinoyat ishi JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandiga (jabrlanuvchining o‘limiga olib kelgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) qayta malakalangan. R.D. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.
IIV huzuridagi Tergov departamentining xabar berishicha, hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.