Samarqand davlat chet tillar instituti ShHT sammiti uchun 400 nafar ko‘ngilli tarjimon ro‘yxati shakllantirilganini ma’lum qildi
Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti ishtirokchilariga tarjimonlik uchun SamDChTI tomonidan 400 nafar ko‘ngilli tarjimon ro‘yxati shakllantirilgan. Bu haqda institut axborot xizmati xabar berdi.
Ularning 200 nafari professor-o‘qituvchi, 200 nafarini esa talabalar tashkil etadi. Bundan tashqari, 110 nafar talaba zaxira ro‘yxat sifatida, tarjimonlar guruhi rus, xitoy, ingliz, nemis, fransuz, italyan, ispan, yapon, koreys, arab va turk tillari bo‘yicha shakllantirilgan.
Kecha Samarqand davlat chet tillar institutida sammit doirasida tashrif buyuradigan xorijiy delegatsiyalar hamda xorijlik kuzatuvchilarga tarjimon sifatida hamrohlik qiluvchi professor-o‘qituvchilarning tayyorgarligi muhokama qilindi.
Viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi hamda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetidan mutaxassislarni jalb etgan holda joriy yilning 8-12 avgust kunlari Samarqand davlat chet tillar institutida ko‘ngilli tarjimonlar uchun maxsus o‘quv kursi tashkil etilishi belgilangan.