Samarqand davlat chet tillar institutida qo‘shma ta’lim dasturlari asosida qabul kvotalari ma’lum bo‘ldi

SamDChTIda 2020-2021 o‘quv yili uchun xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash rejalashtirilgan ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklar)ga qabul kvotalari ma’lum bo‘ldi.

Joriy yilda abituriyentlar mazkur institutda tashkil etilgan qo‘shma ta’lim yo‘nalishlariga ham hujjat topshirishlari mumkin. Mazkur ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilinadigan abituriyentlar kelgusida o‘quv jarayonlarini 2 yil (magistratura 1 yil) Samarqand davlat chet tillar institutida, qolgan 2 yilini (magistratura 1 yilini) hamkor hisoblangan xorijdagi oliy ta’lim muassasalarida davom ettiradi. Ahamiyatli jihati shundaki, ushbu ta’lim yo‘nalishlarini tamomlagan talabalar 2 ta mutaxassislik diplomiga ega bo‘ladi. Aniqrog‘i, ushbu mutaxassislik diplomlari bilan ikkita davlatda ham faoliyat olib borishlari mumkin.

Samarqand davlat chet tillar instituti va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamkorlikda tashkil etgan qo‘shma ta’lim yo‘nalishlari quyidagilar:

1. Bakalavr ta’lim bosqichida Rossiya Federatsiyasining Altay davlat pedagogika universiteti hamkorligida “Filologiya va tillarni o‘qitish: rus tili” (2+2) ta’lim yo‘nalishi tashkil etilgan. Ushbu ta’lim yo‘nalishida qabul kvotasi 30 nafar. O‘qishga qabul qilingan abituriyentlar 2 yil Samarqand davlat chet tillar institutida, 2 yil Rossiya Federatsiyasining Altay davlat pedagogika universitetida tahsil oladi.

2. Bakalavr ta’lim bosqichida Janubiy Koreyaning Sunchunyan universiteti hamkorligida “Filologiya va tillarni o‘qitish: koreys tili” (2+2) ta’lim yo‘nalishi tashkil etilgan. Ushbu ta’lim yo‘nalishida qabul kvotasi 30 nafar. O‘qishga qabul qilingan abituriyentlar 2 yil Samarqand davlat chet tillar institutida, 2 yil Janubiy Koreyaning Sunchunyan universitetida tahsil oladi.

3. Magistratura ta’lim bosqichi uchun AQShning Vebster universiteti hamkorligida “Ingliz tilini ikkinchi chet tili sifatida o‘qitish” ta’lim yo‘nalishi tashkil etilgan. Ushbu ta’lim yo‘nalishida qabul kvotasi 40 nafar. O‘qishga (magistraturaga) qabul qilingan abituriyentlar 1 yil Samarqand davlat chet tillar institutida tahsil oladi. AQShga borib o‘qimaydilar, bu yo‘nalishda tahsil olish muddati bir yil etib belgilangan.

4. Magistratura ta’lim bosqichi uchun Rossiya Federatsiyasining Belgorod davlat milliy tadqiqot universiteti hamkorligida “Lingvistika: ingliz tili” (1+1) ta’lim yo‘nalishi tashkil etilgan. Ushbu ta’lim yo‘nalishida qabul kvotasi 10 nafar. O‘qishga (magistraturaga) qabul qilingan abituriyentlar 1 yil Samarqand davlat chet tillar institutida, 1 yil Rossiya Federatsiyasining Belgorod davlat milliy tadqiqot universitetida tahsil oladi.

Bundan tashqari, 2020-2021 o‘quv yilida Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay xorijiy tillar universiteti bilan xitoy tili, Janubiy Koreyaning Choson universiteti bilan koreys tili yo‘nalishi bo‘yicha, shuningdek, Malayziyaning City University of Malaisya universiteti bilan turizm va jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu yo‘nalishlarga qabul kvotalari yaqin kunlarda ma’lum bo‘ladi. Bu yo‘nalishlarga ham abituriyentlar hujjat topshirishlari mumkin.

Asilbek ABDURAIMOV,
SamDChTI axborot xizmati rahbari.